Maktabga 6 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar tanlov yo‘li bilan qabul qilinadi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida ushbu maktab tashkil qilinishi va faoliyati taqdimot qilindi.
Kitobat san’ati Sharq mamlakatlari, xususan, yurtimiz hududida o‘ziga xos yo‘nalishda tadrijiy taraqqiy etgan qadimiy va bebaho san’atdir. Bu yo‘nalishda ajdodlarimiz ko‘chirgan qo‘lyozma asarlar betakror husnixati, islomiy naqshlari, tilla suvi bilan sayqallangani qariyb 1000 yil muqaddam ham odamlar hayratiga sazovor bo‘lgan.
Bugungi kunga kelib kitoblar bosmaxonalarda bir paytning o‘zida minglab, millionlab nusxada nashr qilinsa-da, qo‘l mehnatining, ayniqsa, xattotlik san’atining o‘rni hanuzgacha beqiyos. Quvonarlisi, ajdodlarimizning merosini asrab-avaylash bilan birga, bu yo‘nalishda yosh shogirdlarni o‘qitish imkoniyati yaratilmoqda.
Madaniy merosni tiklash, yosh avlodni ma’naviy ruhda tarbiyalash, xattotlik san’atini xalqaro darajada tanitish, O‘zbekistonning jahon madaniy markazlaridan biri sifatida rivojlantirish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasarrufida Xalqaro xattotlik va kitobat san’ati maktabi tashkil qilinmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, maktab faoliyati Buyuk Britaniya qirollik jamg‘armasi huzuridagi An’anaviy san’at turlari maktabi, UNESCO, Islom hamkorlik tashkiloti, IRCICA (Turkiya), Tehron Xattotlik markazi (Eron), Muhammad ibn Salmon markazi (Saudiya Arabistoni), Sharja markazi (BAA) kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda olib boriladi.
Maktabga 6 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar tanlov yo‘li bilan qabul qilinadi. Yosh bo‘yicha: 6-12 yoshlilar guruhi (boshlang‘ich ma’lumot), 13-24 yoshlilar guruhi (davomchilar), 25 yoshdan yuqori (mahoratga erishish, soha magistrlarini tayyorlash) guruhlariga bo‘linadi. Har bir guruhda 12 nafargacha o‘quvchilar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
O‘quvchilar shunchaki xattotlik bilan shug‘ullanibgina qolmay, yozuv tarixi, o‘zbek, arab, fors tillari va yozuvi, husnixat, G‘arb mamlakatlarida husnixat (lotin yozuvi), Sharq mamlakatlarida husnixat (arab, lotin, kirill yozuvlari), Kitobat san’ati bilan tanishuv kabi fanlarni o‘zlashtiradi. E’tiborlisi, darslarning amaliyotda qo‘llanishiga alohida e’tibor beriladi.
Ilmiy kengash yig‘ilishida ushbu maktabning kelgusidagi faoliyati, bu boradagi rejalar batafsil muhokama etildi.
N.Usmonova, O‘zA