O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Bolalar saratoni bo‘yicha xalqaro akademik xab faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Akademik xab fanlararo platforma doirasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va tibbiyot muassasalarini birlashtirgan davlat ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Akademik xabda bolalar onkologiyasi va gematologiyasi sohasida qayta tayyorlash, malaka oshirish, klinik ordinatorlar va oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida tibbiyot xodimlarini tayyorlash amalga oshiriladi.
Markaz Akademik xabning muassisi hisoblanadi.
O‘quv jarayoni nufuzli xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, mahalliy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladi va yetakchi xalqaro universitetlar klinikalari Akademik xabning ta’lim qismi bo‘yicha boshqaruvchi sherik hisoblanadi.
Xabni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga belgilangan namunadagi sertifikat (diplom) beriladi. Ushbu sertifikatga ega bo‘lgan davlat tibbiyot muassasalarida faoliyat yurituvchi tibbiyot xodimlariga ularning bazaviy tarif stavkasi (lavozim maoshi)ning 100 foizi miqdorida har oylik ustama to‘lanadi.
Akademik xab xodimlariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat oliy ta’lim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi.
Bunda Akademik xab direktoriga - oliy ta’lim muassasasi rektori uchun, uning o‘rinbosarlariga — oliy ta’lim muassasasi prorektori uchun nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash shartlari qo‘llaniladi.
Akademik xabning asosiy vazifalari:
mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilarni tayyorlash (oliy ta’limdan keyingi ta’lim), qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
yangi klinik va ilmiy tadqiqotlarni joriy etish, milliy, mintaqaviy va xalqaro innovatsion tizimlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida onkologiya, gematologiya, immunologiya va pediatriya sohasida fanlararo tadqiqotlarni amalga oshirish;
innovatsion hujayra texnologiyasini rivojlantirish, bolalarda onkologik, gematologik, immunologik va boshqa kasalliklarni davolash uchun biotibbiyot hujayra mahsulotlarini ishlab chiqish va klinik amaliyotga joriy etish;
yetakchi tibbiyot universitetlari va ixtisoslashtirilgan muassasalar tomonidan qo‘llaniladigan ilg‘or ta’lim dasturlari, innovatsion pedagogik usullar va texnologiyalarni ishlab chiqish, moslashtirish va joriy etish;
ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiyalash, faoliyatni klaster tamoyili asosida tashkil etish, akademik va kasbiy tajriba almashish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini joriy etish;
O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining xorijiy, davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, tibbiyot ilmiy markazlarini birlashtiruvchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiluvchi samarali platformani yaratish;
ilmiy va ta’lim jarayonlarini boshqarishning eng samarali tizimini yaratish, chet ellik ilmiy ekspertlarni jalb qilish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro reytinglarda yetakchi o‘rinlarni egallagan jahon tibbiyot universitetlari bilan strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatish;
mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun uzluksiz ta’lim tizimini yaratish;
tibbyot sohasidagi kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish, ular bilan birgalikda ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-ta’lim dasturlarini ishlab chiqishdan iborat.
Akademik xabda o‘quv jarayoni o‘zbek, rus va ingliz tillarida qisda muddatli o‘qitish dasturlari asosida ma’ruza, laboratoriya va yakka tartibdagi mashg‘ulotlar, guruhlarda amaliy ishlarni bajarish, tanqidiy fikrlash, savollar va tajribalarni yechish yordamida tashkil etiladi.
Tinglovchilarni qabul qilish parametrlari Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda Markaz tomonidan belgilanadi.
2030 yilgacha har yili Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun mutaxassislarni o‘qitish uchun kamida 25 ta o‘rin ajratiladi.
O‘zA