O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotga o‘tish jarayonida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda
Ma’lumki, Prezidentning joriy yil 17-apreldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida maxsus mayning zonasini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Besqala Mining Valley” maxsus mayning zonasi tashkil etilishi belgilandi.
Mazkur qaror mayning faoliyatini amalga oshirish uchun barcha turdagi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va yangi ishchi o‘rinlar yaratish orqali aholi daromadlarini ko‘paytirish maqsadida qabul qilingan.
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi Abdulaziz Abdurazaqov bu borada quyidagi fikrlarni bildirdi:
– Mazkur qaror oddiy texnologik loyiha emas. U bir vaqtning o‘zida uchta strategik yo‘nalishni birlashtiradi. Jumladan, energetika siyosati, investitsion liberalizatsiya va raqamli moliya tizimini. Hujjatda mayning faoliyatini qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida tashkil etish, xorijiy investorlarni jalb qilish va kripto-aktivlar bozorini institutsional shakllantirish asosiy maqsad sifatida ko‘rsatilgan.
Birinchi qarashda loyiha innovatsion va istiqbolli ko‘rinadi. Chunki, bugungi global iqtisodiyotda kripto-infratuzilma nafaqat moliyaviy instrument, balki geosiyosiy ta’sir vositasiga ham aylanmoqda.
Qarorda mayning faqat quyosh va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bu ekologik va energetik bosimni kamaytirish nuqtayi nazaridan muhim yondashuv. Chunki, global tajriba shuni ko‘rsatadiki, kripto-mayning sanoati elektr energiyasini ulkan hajmda iste’mol qiladi. Ayrim davlatlarda bu hatto milliy energiya tizimiga tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Xitoyning bir necha yil oldin mayning faoliyatini cheklashi ham aynan energiya xavfsizligi bilan bog‘liq edi.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston ehtiyotkor modelni tanlamoqda. Qarorda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga ulangan sub’ektlar uchun alohida tarif va rag‘bat mexanizmlari ham nazarda tutilgan. Bu “yashil mayning” konsepsiyasini shakllantirishga urinishdir.
Qarorning eng muhim jihatlaridan biri, anonim mayning va yashirin operatsiyalarga qarshi qat’iy cheklovlar kiritilganidir. Hujjatda terrorizmni moliyalashtirish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va noqonuniy kripto operatsiyalariga qarshi talablar aniq belgilangan. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy monitoring tizimidan chetda qolishni istamasligini anglatadi.
Aslida “Besqala Mining Valley” loyihasi faqat mayning haqida emas. Bu davlatning raqamli iqtisodiyotga nisbatan yangi falsafasini ifodalaydi. Ya’ni O‘zbekiston kripto-aktivlarni butunlay taqiqlash emas, balki nazorat ostida legallashtirish modelini tanlamoqda.
Biroq har qanday “maxsus zona” modeli kabi bu yerda ham institutsional xavf mavjud. Agar imtiyozlar shaffof bo‘lmasa, rezidentlar tanlovi adolatli amalga oshirilmasa yoki energetik resurslardan foydalanishda monopoliyalashuv yuz bersa, loyiha innovatsion platformadan ko‘ra yopiq iqtisodiy klasterga aylanishi mumkin.
Qoraqalpog‘istonning tanlanishi ham alohida siyosiy va iqtisodiy signal hisoblanadi. Markaz uzoq yillardan buyon investitsion jihatdan sust hudud sifatida qaralgan mintaqaga yangi texnologik identitet berishga urinmoqda. Bu esa hududiy iqtisodiy siyosatning yangi modeli sifatida talqin qilinishi mumkin.
“Besqala Mining Valley”muvaffaqiyatli ishlashi uchun uch omil hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi: birinchisi — energiya barqarorligi, ikkinchisi — shaffof regulyatsiya, uchinchisi esa global kripto bozoridagi tendensiyalar bilan moslashuvchan integratsiya.
Agar ushbu uchlik ta’minlansa, loyiha O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi raqamli moliya markaziga aylantirishi mumkin. Aks holda esa u qimmat infratuzilmaviy eksperiment sifatida tarixda qolishi ehtimoldan xoli emas.
G.Boboyeva, O‘zA