O‘zbekistonda ovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish uchun fuqaro murakkab sinovlardan o‘tishi kerakmi?
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ovchi bo‘lishni istagan fuqaro murakkab sinovlardan o‘tishi kerak. Masalan, avvalo, narkodispanser, psixiatr ko‘rigidan o‘tishi lozim. Undan keyin kerakli, zaruriy hujjatlar to‘planib, ovchilik uyushmasiga taqdim etiladi va fuqaro u yerda ma’lum vaqt tegishli tartibda o‘qitiladi.
Qonun bilan ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, ov qilish uchun ajratilgan hududlar, ovchilik resurslarini izlab topish normalari, ov qilish qoidalari, ovchilar va ovchilik xo‘jaliklarining huquqlari, majburiyatlari, ov qilish turlari, qurollari va usullari, yovvoyi hayvonlarni tutib olganlik, otganlik uchun to‘lov miqdorlari belgilangan.
Ov qilinadigan hayvonlar populyatsiyasi va ularning yashash muhitining davlat monitoringi belgilangan, ov qilish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar ro‘yxati va turlari aniqlashtirilgan. Shuningdek, ovchilik turizmi va chet ellik fuqarolar ov qilish imkoniyatlari nazarda tutiladigan bir qator chora-tadbirlar belgilangan.
Milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi Sobir Berdiyev O‘zA muxbiriga mazkur mavzuda quyidagilarni ma’lum qildi.
– bugungi kunda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida bo‘lgan Milliy tabiat bog‘lari va ovchilik xo‘jaliklari boshqarmasida mamlakatimizning turli ma’muriy hududlarida 10 ta davlat o‘rmon-ov xo‘jaliklari, 38 ta ovchilik va baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat olib bormoqda, – deydi Sobir Berdiyev. – O‘zbekiston ovchi va baliqchilar sport birlashmasida ro‘yxatga olingan 38 ming ovchidan qariyb 35 ming nafari havaskor ovchilar, 3 ming nafari esa havaskor baliqchilardir.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ovchilik xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirish, ularni boshqarishni xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazishning mukammal tashkiliy-huquqiy asoslari ishlab chiqildi.
Xususan, o‘tgan 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasining «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunining qabul qilinishi va kuchga kirishi amaldagi tarqoq normativ-huquqiy hujjatlarning tizimliligini va yaxlitligini ta’minlash bilan bir qatorda sohadagi munosabatlarni tartibga solish imkonini berdi.
Ammo amaldagi Qonun ijrosini o‘rganish jarayonlarida o‘rmon-ov va ovchilik xo‘jaliklarida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani hamda sohada ba’zi muammolar mavjudligi ham ma’lum bo‘ldi.
Jumladan, ovchilik xo‘jaliklarining iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir etuvchi asosiy manba – ovchilarga yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalarini berishda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Bu esa ovchilik xo‘jaliklarida biotexnik tadbirlarni tizimli va samarali o‘tkazish imkonini bermayapti. Ovchilik xo‘jaliklari hududlarida noqonuniy qurilishlar, sun’iy ko‘llar barpo etilishi, chorva mollarining o‘tlatilishi xo‘jaliklar fauna va florasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Belgilangan qonunchilikka ko‘ra, mamlakatimiz hududida yovvoyi hayvonlarni ov qilish to‘lov asosida amalga oshiriladi. To‘lovlar ruxsatnomada ko‘rsatilgan har bir yovvoyi hayvon uchun kiritiladi. Yovvoyi hayvonlarni tutishga yillik kvotalar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan Fanlar akademiyasining xulosasiga asosan tasdiqlanadi.
OV QILISH UCHUN QANDAY HUJJATLAR LOZIM BO‘LADI?
Ovchilik sohasida ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud. Unga ko‘ra, ovchilik guvohnomasi, muomalaga layoqatli, 18 yoshga to‘lgan, ovchilik minimumi bo‘yicha sinov imtihonini topshirgan jismoniy shaxslarga ovchilik jamoat birlashmalari tomonidan beriladi. Ovchilik yo‘llanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi), yovvoyi hayvonlarni tutishga doir olingan kvotalar asosida beriladi va uning egasiga mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqi taqdim etiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joiz, hozirda O‘zbekiston faunasi tarkibi 15 mingdan ziyod umurtqasiz hayvonlar, 709 turdagi umurtqali hayvonlar, shu jumladan, 109 turdagi sut emizuvchilar, 470 turdagi qushlar, 64 turdagi sudralib yuruvchilar, 63 turdagi baliqlar va 3 turdagi amfibiyalardan iborat bo‘lib, yangi nashrga tayyorlangan O‘zbekiston Qizil kitobiga jami 206 turdagi hayvonlar kiritilgan. Har bir davlat o‘rmon-ov xo‘jaliklarida har yili mutasaddilar ishtirokida hayvonlar sanoqdan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston davlat o‘rmon-ov xo‘jaliklarida faqatgina shu davlatning o‘zida ovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan fuqarolargina ov qilishlari mumkin. Ovchilarga asosan yovvoyi to‘ng‘iz, sibir tog‘ echkisi, qirg‘ovul, kaklik, yovvoyi o‘rdak, yovvoyi g‘oz va ba’zi hududlarda esa bo‘rilarni ovlash uchun yo‘llanma beriladi.
Ovchilik xo‘jaliklar hududlarida mazkur hududlarni ovchilik xo‘jaliklari hududi ekanligi belgilangan ko‘rsatkich anshlaglar, panolar o‘rnatilgan. Yong‘inga qarshi tadbirlar amalga oshirilgan, shuningdek, ovchilar uchun yo‘riqnomalar tayyorlangan va tarqatilgan.
Ammo shunga qaramasdan o‘tgan 2021 yilda ovchilik xo‘jaliklarida 98 ta ov qilish, 205 ta holatda baliq ovlash qoidalari buzilganligi qayd etilib, ularga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA