Mamlakatimizda respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi 32 ta shahar mavjud bo‘lib, ularda respublika doimiy aholisining qariyb 24 foizi istiqomat qiladi. Shunga qaramay, mamlakat bo‘yicha ko‘rsatilgan jami xizmatlarning deyarli 64 foizi ushbu shaharlarning hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tahliliga ko‘ra, ta’lim yo‘nalishida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Buxoro, Shahrisabz va Namangan, sog‘liqni saqlash sohasida Yangiyer, Nurafshon va Guliston, yashash va ovqatlanish bo‘yicha Nurafshon, Ohangaron va Navoiy, savdo bo‘yicha Bekobod, Yangiyo‘l va Quvasoy, transport bo‘yicha Kogon, Yangiyer va Xonobod, kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlashda Quvasoy, Shahrisabz va Marg‘ilon, aloqa va axborotlashtirish sohasida Toshkent, Guliston va G‘ozg‘on shaharlarining ixtisoslashuv darajasi eng yuqori ekanini ko‘rsatgan.
MHTI loyiha rahbari Suhrob Mahmudov qayd etganidek, mamlakatimizda joriy yilning 6 oyida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 268,1 trillion so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 112,9 foizni tashkil etdi.
– Bunda respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi (32 ta) shahar jami ko‘rsatilgan xizmatlarning 63,6 foizini ta’minlagan. Ushbu shaharlarda ko‘rsatilgan xizmatlarning 67,1 foizi Toshkent shahrining hissasiga to‘g‘ri keladi. 2024 yilning 1-yarmida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi Toshkent, Urganch va Navoiy shaharlarida eng yuqori qiymatlarni tashkil etgan bo‘lsa, G‘ozg‘on, Shirin va Quvasoy shaharlari oxirgi o‘rinlardan joy oldi. Ta’kidlash joizki, Toshkentning xizmatlar sohasidagi ulushi yildan yilga ortib bormoqda. Mamlakatda ko‘rsatilgan xizmatlar hajmida poytaxtning ulushi 2019 yildagi 33,9 foizdan 2023 yilda 41,1 foizga yetgan. Tahlil davrida Toshkent shahrida 114,4 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. Bu respublika bo‘yicha ko‘rsatilgan jami xizmatlarning 42,7 foizini tashkil etadi. Xizmat turlari kesimida tahlil qilganimizda, respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar ulushi transport sohasida 33, savdoda 57,4, aloqa va axborotlashtirishda 78,8, ta’limda 82,7, sog‘liqni saqlash sohasida 72,9, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 77,4 hamda kompyuter va maishiy tovarlarni ta’mirlashda 38,0 foizni tashkil etadi, – dedi S.Mahmudov.
Bu jarayonda infratuzilma va kommunikatsiyadagi nisbiy afzalliklar korxonalar va aholining markazga intilishiga sabab bo‘ladi. Natijada shaharlarda ta’lim, aloqa va axborotlashtirish, sog‘liqni saqlash kabi xizmatlar markazlashib boradi. Shaharlarda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning ustuvor tarmog‘i ekani inobatga olinsa, ularda zamonaviy bozor xizmatlari, axborot texnologiyalari (IT), ta’lim, tibbiyot, yuridik, san’at, turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish hamda transport xizmatlarini rivojlantirish «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida maqsad qilingan urbanizatsiya darajasini 51 foizdan 60 foizga oshirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA