O‘zbekistonda xizmatlar bozori 800 trillion so‘mdan oshdi
O‘zbekiston iqtisodiyotida xizmatlar sohasining o‘rni tobora ortib bormoqda. Aholi ehtiyojlarining o‘zgarishi, raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi hamda savdo va transport faolligining o‘sishi ushbu sohadagi dinamikani kuchaytirmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida mamlakatda 802,5 trillion so‘mlik bozor xizmatlari ko‘rsatildi. Bu 2025-yilning mos davridagi 651,7 trillion so‘mga nisbatan 150,8 trillion so‘m ko‘p. Real o‘sish sur’ati 116,7 foizni tashkil etdi. Boshqacha aytganda, xizmatlar bozori bir yilda qariyb 16,7 foizga o‘sgan.
Shu o‘rinda bir ma’lumot, xizmatlar hajmi joriy narxlarda hisoblanadi, real o‘sish esa tegishli narx va tarif indekslari asosida taqqoslanadigan narxlarda aniqlanadi. Shuning uchun 802,5 trillion so‘mlik hajm bilan 116,7 foizlik real o‘sishni bir xil ko‘rsatkich sifatida talqin qilish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Xizmatlar bozori hududlar kesimida bir xil taqsimlanmagan. Bu borada Toshkent shahri keskin ustunlik qiladi. 2026-yil yanvar–iyul oylarida poytaxtda 332,2 trillion so‘mlik bozor xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu respublikadagi umumiy xizmatlar hajmining 41,4 foiziga teng. Toshkentdan keyin eng yuqori ko‘rsatkichlar Samarqand viloyati — 56,5 trillion so‘m, Toshkent viloyati — 53,8 trillion so‘m, Farg‘ona viloyati — 52,3 trillion so‘m va Namangan viloyati — 41,3 trillion so‘m hisobiga to‘g‘ri keladi. Bu raqamlar hududlarda xizmatlar bozorining rivojlanish darajasi, aholi va biznes faolligi, shaharlashuv, xizmatlar infratuzilmasi hamda iste’mol talabining farqlanishini ko‘rsatadi.
Ayni paytda o‘sish sur’ati bo‘yicha manzara biroz boshqacha. Toshkent shahrini hisobga olmagan holda eng yuqori real o‘sish Sirdaryo viloyatida — 118,7 foiz bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Navoiy — 118,5 foiz, Jizzax — 117,5 foiz, Surxondaryo — 117,4 foiz va Andijon hamda Xorazm — 117,2 foizdan. Demak, xizmatlar hajmining kattaligi bilan o‘sish sur’ati har doim ham bir-biriga mos kelmaydi. Katta hajmga ega hududda o‘sish nisbatan sekinroq, ammo kichik hajmdan boshlagan hududda o‘sish sur’ati yuqoriroq bo‘lishi mumkin.
Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi ham hududlardagi farqni yanada yaqqol ko‘rsatadi. 2026-yil yanvar–iyul oylarida respublika bo‘yicha bu ko‘rsatkich 20,9 million so‘mni tashkil etdi. Bir yil avval esa 17,3 million so‘m bo‘lgan. Real o‘sish sur’ati 114,6 foizga teng. Toshkent shahrida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi 104 million so‘mga yaqin bo‘lib, respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan bir necha barobar yuqori. Navoiy viloyatida — 17,0 million so‘m, Toshkent viloyatida — 16,9 million so‘m, Buxoroda — 14,4 million so‘m qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida — 8,3 million so‘m. Bu tafovut xizmatlar bozorida hududiy muvozanat masalasi hali dolzarb ekanini ko‘rsatadi. Ayniqsa, aholiga xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy xizmat turlarini viloyatlar va tumanlarga olib kirish muhim.
Xizmatlar sohasida kichik tadbirkorlikning roli alohida ahamiyatga ega. 2026-yil yanvar–iyul oylarida kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 452,0 trillion so‘mlik bozor xizmatlari ko‘rsatilgan. Bu umumiy xizmatlar hajmining 56,3 foizini tashkil etadi. Eng muhimi, kichik biznes xizmatlari hajmining real o‘sish sur’ati respublika bo‘yicha umumiy xizmatlar bozoriga qaraganda yuqoriroq — 117,9 foiz bo‘lgan.
Hududlar kesimida kichik biznesning xizmatlar bozoridagi ulushi Farg‘ona viloyatida 76,2 foiz bilan eng yuqori. Andijonda — 74,9 foiz, Surxondaryo va Namanganda — 74,3 foizdan, Qashqadaryoda — 74 foizni tashkil etgan. Toshkent shahrida esa ulush nisbatan past — 41,9 foiz.
Ammo bu yerda kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi mamlakat bo‘yicha eng katta — 139,2 trillion so‘m. Bu holat poytaxt xizmatlar bozorida yirik korxona va tashkilotlarning ham salmog‘i katta ekanini anglatadi. Xizmatlar bozoridagi umumiy o‘sishning asosiy manbalari savdo, moliya, yashash va ovqatlanish, transport, shuningdek, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari bo‘ldi. Eng katta hajm savdo xizmatlari hisobiga to‘g‘ri kelgan — 202 trillion so‘m. Uning umumiy xizmatlar tarkibidagi ulushi 25,2 foizni tashkil etgan. Savdo xizmatlarining 41,4 foizi chakana savdoga, 38,4 foizi ulgurji savdoga to‘g‘ri keladi. Avtomobil va mototsikllarning ulgurji va chakana savdosi, shuningdek ularni ta’mirlash xizmatlari ulushi 20,2 foiz bo‘lgan.
Ikkinchi yirik yo‘nalish — yashash va ovqatlanish xizmatlari. Ularning hajmi 149,7 trillion so‘mga yetgan. Bu sohada xizmatlarning 96,6 foizi oziq-ovqat va ichimliklar bilan ta’minlash hisobiga to‘g‘ri keladi. Moliyaviy xizmatlar esa o‘sish sur’ati bo‘yicha diqqatga sazovor. Yanvar–iyul oylarida ularning hajmi 125,8 trillion so‘mni, o‘sish sur’ati esa 124,5 foizni tashkil etgan. Bu aholining bank, sug‘urta, to‘lov, kredit va boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanish ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Transport xizmatlari ham katta hajmga ega — 121,5 trillion so‘m. Uning 52,4 foizi avtomobil transporti xizmatlariga to‘g‘ri keladi.
Zamonaviy iqtisodiyotda raqamli xizmatlarning ahamiyati tobora kuchaymoqda. 2026-yil yanvar–iyul oylarida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 61,6 trillion so‘mni tashkil etib, bir yilda 20 foizga o‘sgan. Bu sohada eng katta ulush kompyuter dasturlash xizmatlariga to‘g‘ri keladi — 48,5 foiz. Telekommunikatsiya xizmatlarining ulushi 26,7 foiz, axborot sohasidagi xizmatlarniki 16,6 foizni tashkil etgan.
Demak, xizmatlar bozorida raqamli iqtisodiyotning ta’siri faqat internet yoki aloqa xizmatlari bilan cheklanib qolmayapti. Dasturlash, axborot texnologiyalari va raqamli yechimlarga talabning o‘sishi yangi xizmat bozorlarini ham shakllantirmoqda.
Ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 27,2 trillion so‘mga yetdi. Uning 41,2 foizi oliy ta’lim xizmatlariga to‘g‘ri kelgan. Sog‘liqni saqlash sohasida esa 13,9 trillion so‘mlik xizmat ko‘rsatilgan. Ularning 54,8 foizini sog‘liqni saqlash sohasidagi boshqa xizmatlar, 31,2 foizini shifoxona muassasalari xizmatlari, 14 foizini shifokorlik amaliyoti va stomatologiya xizmatlari tashkil etgan.
Me’morchilik, muhandislik izlanishlari, texnik sinovlar va tahlil sohasidagi xizmatlar esa o‘sish sur’ati bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi — 123,6 foiz.
Umuman olganda, 2026-yilning dastlabki yetti oyidagi statistika O‘zbekistonda xizmatlar sektori iqtisodiy faollikning muhim drayverlaridan biriga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Bir tomonda — savdo, transport va ovqatlanish kabi an’anaviy xizmatlar hajmi oshib bormoqda. Ikkinchi tomonda esa moliyaviy, raqamli, ta’lim, muhandislik va boshqa zamonaviy xizmat turlari yuqori sur’atlarda rivojlanmoqda.
Ayniqsa, kichik biznesning umumiy xizmatlar bozoridagi 56,3 foizlik ulushi sohaning tadbirkorlik faoliyati bilan qanchalik chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Biroq hududlar o‘rtasidagi farq ham jiddiy: Toshkent shahrining umumiy xizmatlar hajmidagi 41,4 foizlik ulushi poytaxt bilan boshqa hududlar o‘rtasida xizmatlar bozori konsentratsiyasi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Shu o‘rinda aytish joiz, keyingi bosqichda asosiy vazifalardan biri xizmatlar sohasining o‘sish sur’atini saqlab qolish bilan birga, zamonaviy va yuqori qo‘shilgan qiymatli xizmatlarni hududlarda ham kengaytirish, kichik biznesning imkoniyatlarini oshirish va raqamli xizmatlar qamrovini kengaytirish bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA