Oliy ta’limga qamrov darajasi yanada oshadi
Andijonda “Oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirish choralari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida O`zLiDeP Andijon viloyati Kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Xalq deputatlari Andijon viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari mas’ullari, partiya faollari, boshlang‘ich partiya tashkiloti raislari, yoshlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining ahamiyati, unda yurtimizda so‘nggi besh yillikda amalga oshiriladigan ulkan islohotlarning muhim yo‘nalishlari belgilab berilganligi ta’kidlandi.
– Strategiyada bugun yurtimizning taraqqiy etishi va jahonning eng ilg‘or mamlakatlari qatoriga olib chiqish uchun muhim bo‘lgan barcha jabhalar qamrab olingan, – deydi O`zLiDeP Andijon viloyati Kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova. – Qolaversa, uni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan. Mazkur hujjatda oliy ta’lim tizimi va uning kelgusi istiqboliga oid bir qancha muhim masalalar ifoda etilgan. Jumladan, 46-maqsadda Oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda ana shu yo‘nalishda viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida olib borilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. Oliy ta’lim muassasalari vakillari joriy yilda kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida qabul parametrlarini oshirish, aynan shu yil yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 38 foizga yetkazish va to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish parametrlarini oliy ta’lim muassasalari tomonidan mustaqil belgilash tartibini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati, amal qilish mexanizmi, shuningdek, oliy o‘quv yurtlarida yangi ochilayotgan yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi. Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni belgilangan tartiblar asosida samarali tashkil etish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
[gallery-6640]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),O‘zA