O‘zbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 72 milliondan oshdi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda bank-moliya tizimini raqamlashtirish, aholi uchun zamonaviy moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Bugungi kunda mamlakatda elektron to‘lovlar hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-may holatiga respublikada muomaladagi bank kartalari soni 72 million 710 ming 67 taga yetgan. Bu ko‘rsatkich aholi va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida raqamli moliyaviy xizmatlarga bo‘lgan talab ortib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Shu bilan birga, banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida mamlakat bo‘ylab bankomat hamda infokiosklar tarmog‘i ham kengaytirilmoqda. Hozirda ularning umumiy soni 45 ming 543 tani tashkil etgan. Ayniqsa, hududlarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish qurilmalari soni ortishi fuqarolarning moliyaviy xizmatlardan tez va qulay foydalanishiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, respublika bo‘ylab o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 443 ming 958 taga yetgan. Ushbu terminallar orqali joriy yilning yanvar–aprel oylarida amalga oshirilgan tushumlar hajmi 177,5 trillion so‘mdan oshgani ichki bozorda naqd pulsiz to‘lovlar hajmi izchil o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, raqamli bank xizmatlarining ommalashuvi, mobil ilovalar orqali to‘lov va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi, QR-kod to‘lovlari hamda onlayn savdo hajmining o‘sishi mamlakatda zamonaviy moliyaviy ekotizimni shakllantirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bu esa o‘z navbatida, iqtisodiyotda shaffoflikni ta’minlash, moliyaviy xizmatlar qamrovini kengaytirish va aholiga yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA