Ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston kartoshka eksportiga cheklov qo‘ygani, bu esa O‘zbekistonda kartoshka narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi haqida xabarlar aylanmoqda.
Mazkur xabarlarga Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Nazirov quyidagicha izoh berdi.
“Mamlakatimiz aholisining kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi 4 million tonnani tashkil etadi. O‘tgan 2024 yilda yurtimizda jami 3,7 million tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 million tonna va takroriy ekin sifatida 1 million tonna kartoshka yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yo‘qotish 100 ming tonna (3%) atrofida belgilangan.
2024-2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna kartoshka zaxiraga jamg‘arilgan va fsp.agro.uz onlayn platformasi orqali sub’ektlar kesimida monitoringi yo‘lga qo‘yilgan. Zaxiraga jamg‘arilgan mahsulotni ichki iste’mol bozoriga chiqarish bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligining har 10 kunlik tarmoq jadvali hududlar kesimida tasdiqlanib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuborilgan. Joriy yil 20 yanvar holatiga mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan jami 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga savdoga chiqarilgan, zaxira qoldig‘i 239,2 ming tonnani tashkil qiladi. O‘zbekiston bozorlarida kartoshka narxining oshishi haqidagi tarqalgan xabarlar asossiz”.
Mutaxassis bozorlardagi kartoshkalar narxi bo‘yicha doimiy nazorat olib borilishini va kartoshka narxlari muvofiqlashtirib borilishini aytib o‘tgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA