O‘zbekistonda ilk bor «Birlamchi nisbiy namlik birligi etaloni» laboratoriyasi ishga tushirildi
20-may — Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan O‘zbekistonda ilk bor «Birlamchi nisbiy namlik birligi etaloni» laboratoriyasi o‘z faoliyatini boshladi.
Mazkur zamonaviy laboratoriyaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hamda «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universiteti rektori Bahodir Mirzayev ishtirok etdi. Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu loyiha yurtimizda metrologiya va standartlashtirish tizimini xalqaro talablarga moslashtirish hamda ishlab chiqarishda o‘lchashlar aniqligini eng yuqori darajaga ko‘tarish yo‘lidagi ulkan qadamdir.

Yangi innovatsion loyiha Innovatsion rivojlanish agentligi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining o‘zaro samarali hamkorligi mahsulidir. «Birlamchi nisbiy namlik birligi etalonini yaratish» loyihasi doirasida barpo etilgan ushbu majmua O‘zbekiston milliy metrologiya instituti qoshida faoliyat yuritadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mahsulot sifatini nazorat qilishda namlik ko‘rsatkichining aniqligi texnologik jarayonlarning xavfsizligi va mahsulotning xalqaro standartlarga mos kelishini kafolatlovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.

Yangi laboratoriyaning ishga tushirilishi mamlakatimizning tashqi savdo salohiyatini oshirishga bevosita xizmat qiladi. Eng muhimi, mazkur markaz tufayli O‘zbekistonda olingan o‘lchash natijalari xalqaro miqyosda hech qanday to‘siqlarsiz tan olinadi.
Shuningdek, ushbu majmua yurtimizga mazkur yo‘nalishdagi xalqaro solishtirishlarda faol va teng huquqli a’zo sifatida ishtirok etish imkonini beradi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlarning jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlab, «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi tovarlarning raqobatbardoshligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA