O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, UNICEF va “Fondazione Reggio Children” jamg‘armasi o‘rtasida Markaziy Osiyoda birinchi erta ta’lim bo‘yicha mintaqaviy Tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
— Markazni tashkil etish har bir bola ilk yillardan boshlab sifatli ta’lim olishini ta’minlashga qaratilgan islohotlarimizning mantiqiy davomidir, — dedi Maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori Lola Berdiyeva. — Hamkorlar bilan pedagoglar kasbiy rivojlanishini tizimli ravishda kuchaytirish, ilmiy tadqiqotlarni ilgari surish hamda amaliyotlar, xususan, inklyuziya, o‘yin orqali ta’lim va ijtimoiy-emotsional rivojlanishni joriy etish imkonini beradi. Ushbu tashabbus mintaqaviy tajriba almashuv platformasiga aylanib, O‘zbekistonda va undan tashqarida amaliy, ko‘zga ko‘rinadigan natijalar berishiga ishonamiz.
Qayd etish kerak, yangi ob’ekt pedagoglarning kasbiy rivojlanishidagi innovatsiyalarga ustuvor ahamiyat qaratadi, ta’lim sohasidagi tadqiqot va bola shaxsiga yo‘naltirilgan yuqori sifatli ta’limni rag‘batlantiradi. Shuningdek, bola hayotining dastlabki yillaridanoq tanqidiy fikrlash, ijodkorlik va ijtimoiy-hissiy ko‘nikmalarni mustahkamlaydi.

— UNICEF va “Fondazione Reggio Children” jamg‘armasi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi sheriklik orqali biz maktabgacha ta’lim sifatini yanada oshirish hamda sifatli va inklyuziv maktabgacha ta’limni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini butun mintaqa bilan o‘rtoqlashish imkoniyatini ko‘ryapmiz, — dedi UNICEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio.
Tashkilotning ma’lum qilishicha, mintaqaviy markaz sifat yondashuvini, ya’ni tadqiqot hamda erta ta’limning global standartini qo‘llashga qiziqqan Markaziy Osiyodagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

— “Fondazione Reggio Children” jamg‘armasi markazining tashkil etilishi bolalar uchun sifatli erta ta’limni rivojlantirish hamda O‘zbekiston ta’lim tizimi talablari va malakasiga javob berish imkoniyatini yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir, — dedi jamg‘arma direktori Kristian Fabbi. — Biz UNICEF tuzilmasiga ushbu imkoniyatni yaratib bergani uchun juda minnatdormiz va yaqin kelajakda birgalikda ishlashga tayyormiz. Ishonchimiz komilki, bu O‘zbekiston va mintaqa uchun sifatli ta’lim sari qo‘yilgan ulkan qadamdir.

O‘zbekistonni butun dunyo bo‘ylab boshqa innovatsion markazlar bilan bog‘lash orqali ushbu tashabbus 174 ming maktabgacha ta’lim tashkilotlari xodimlariga ta’sir ko‘rsatadigan xalqaro tadqiqotlarni ilgari suradi va ta’lim faoliyatini rivojlantiradi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA