O‘zbekistonda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari kuni nishonlanmoqda
Bugun, 26 sentyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni.
Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish davlatimiz siyosatining asosini tashkil etadi.
Bu jarayonda sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, xavfsizlikni ta’minlash, dunyoda kechayotgan murakkab va tahlikali vaziyatda tinchlikni asrash, xalqimizning erkin va farovon hayot kechirishini ta’minlashda mudofaa, huquq-tartibot organlari bilan bir qatorda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlarining alohida o‘rni bor.
Ko‘pincha ular ko‘zga yaqqol tashlanmaydi. Ammo eng qiyin vaziyatlarda, qaynoq nuqtalarda ular bor. Kimdir bu yurtga g‘araz niyatda qarasa, osoyishtalikka putur yetkazmoqchi bo‘lsa, ular birinchilardan bo‘lib buni sezadi va bunga barham beradi. Kerak bo‘lsa, ko‘ksini qalqon qiladi.
Zotan, O‘zbekiston Respublikasini ichki va tashqi tahdidlardan himoya qilish, xalqaro munosabatlarda milliy manfaatlarimizni ta’minlash DXX xodimlarining burchlaridan biri.
Mazkur xizmat O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
Buni amalda ta’minlash uchun DXX xodimlari zarur kuch va vositalar bilan ta’minlangan. Muhimi, sohaning tubdan isloh qilingani natijasida mazkur xizmatda Vatan himoyasiga ishonchli qalqon bo‘lishga qodir xodimlar xizmat olib bormoqda.
Bugun ularning kasb bayrami. 2021 yil 14 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun bilan 26 sentyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni, etib belgilandi.
Aytib o‘tish kerakki, 1991 yil 26 sentyabrdagi PF-265-sonli farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik boshqarmasi tuzilgan.
Bugungi kunda mazkur xizmat xodimlari jamiyat muhitini sog‘lomlashtirish, diniy ekstremizmga yo‘l qo‘ymaslik, terrorizmning oldini olish, giyohvand moddalar noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliy ishlarni ro‘yobga chiqarmoqda.
Shu kunlarda DXX xodimlari amalga oshirayotgan ishlarga bir nazar tashlasak: DXX tomonidan Rossiya, Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kelingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Tojikistondan mamlakatimiz hududiga aylanma yo‘llar orqali 20 kg. 749 gr. “opiy” moddasini olib o‘tgan shaxslar DXXning Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yana bir holatda 18 kg. 97 gr. “Mefedron” sintetik narkotik moddasi chegarada qo‘lga olindi.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 56 ming dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari fosh etildi.
DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda 64 ming 452 dona dori vositalari qo‘lga olindi.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda temir yo‘l stansiyalardan birining boshlig‘i 40 ta vagon ko‘mir uchun 4 ming AQSH dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXX xodimlari Namanganda 1 gektar yerni tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilib, 6,9 ming AQSH dollari va 15 million so‘m pora olgan shaxsni ashyoviy dalil bilan ushladi.
Xorazmda noqonuniy ravishda yer sotmoqchi bo‘lib, 30 ming AQSH dollari olgan shaxslar DXX va Bosh prokuratura departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
DXXning Navoiy viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura departamenti, IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda G‘ozg‘on shahar kadastr bo‘limi boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Nurota tumani hududida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 40 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 6 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 5,33 gektar yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 80 ming AQSH dollari olgan shaxs qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, DXX xodimlari xalqimiz manfaatlariga zid bo‘lgan har qanday holatga chek qo‘yish, tinchlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan xavflarga qarshi turishda doim xizmatiga sodiq va sobit.
Ana shunday fidoyilarni kasb bayrami bilan muborakbod etamiz, xayrli maqsadlari yo‘lida iroda, sadoqat, va omad hamroh bo‘lishiga tilakdoshmiz!
Norgul Abduraimova, O‘zA