Inson huquqi – bola huquqidan boshlanadi. Bu huquqni nafaqat himoya qilish, balki sud yo‘li bilan ta’minlashni talab qiladigan holatlar ham hayotda uchrab turadi.
“O‘zbekistonda bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyati: hozirgi holat va istiqbollar” mavzusida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.
– Bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash ularning huquqlari, jumladan, ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya kabi barcha jarayonlarga taalluqli bo‘lishi mumkin, – dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Shu bilan birga, bolalarni zo‘ravonlik va shafqatsiz munosabatdan himoya qilish huquqlari buzilgan hollarda adolatli, o‘z vaqtida amalga oshiriladigan samarali himoya vositalari zarur. Bular qonunlar, tizimlar va amaliyotlardir. Adliya va aholini ijtimoiy himoya qilish tizimlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bolaning alohida ehtiyojlari, yoshi, jinsi va qobiliyatini e’tiborga olgan holda uning oliy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga, qonun ustuvorligi bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishga qaratilgan huquqiy va sud-huquq islohotlar davom etmoqda.
Islohotlar davomida qonunchilikka bir qator muhim o‘zgarishlar kiritilgan bo‘lsa-da, bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash alohida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanmagan.
– Bolalar uchun odil sudlovdan foydalanish faqatgina odil sudlovni va ma’muriy tizimlarni mustahkamlashdan iborat emas, – dedi O‘zbekiston Bola huquqlari bo‘yicha vakili Aliya Yunusova. – Bu turli davlat organlarining yaqin o‘zaro hamkorligi hamdir. Bolalar uchun odil sudlov birinchi navbatda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarning mavjudligini va ozodlikdan mahrum qilish faqatgina so‘nggi chora sifatida ko‘rilishini nazarda tutadi.
Senatorlar, deputatlar, olimlar, tegishli davlat idoralari vakillari, fuqarolik jamiyati faollari, xalqaro ekspertlar, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan vakillari O‘zbekistonda bolalarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli harakatlar to‘g‘risida kelishib oldilar, zarur tavsiyalar berildi.
Jumladan, bolalar uchun adolatli sudlovdan foydalanishni ta’minlash uchun keng qamrovli huquqiy va siyosiy asoslarni ishlab chiqish va qabul qilish zarur. Jinoiy, fuqarolik va ma’muriy adliya tizimlarining ixtisoslashuvini ta’minlash va bolalarning huquqlari va ehtiyojlarini qondirish mexanizmlarini moslashtirish kerak.
Yuridik yordamga ehtiyoji bo‘lgan bolalarga o‘z vaqtida va yetarli darajada ko‘maklashish darkor. Bolalarni ozodlikdan mahrum etishni eng qisqa muddatga so‘nggi chora sifatida qo‘llash mumkin.
N.Abduraimova,
O‘zA