Xabaringiz bor, yaqinda Prezident raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer hisobini yuritish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Kadastr agentligiga qator vazifalar berilgan edi.
Belgilangan vazifalar ijrosi qanday ketyapti?
Bu borada Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’matjon Atamuratov kuydagilarni ma’lum qildi.
— Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda to‘liq yakuniga yetkazish topshirig‘i berildi, — deydi Kadastr agentligi axborot xizmati rahbari Ne’matjon Atamuratov. — Kadastr agentligining ma’lum qilishicha, agentlik tomonidan tomonidan bugunga qadar samolyot yordamida Qashqadaryo viloyatining jami 2 856,8 ming gektar yer maydonidan 2 321,6 ming gektarida aerosuratga olish ishlari bajarildi.
So‘ngi 3 yil davomida UZKAD tizimi orqali respublikaning 96 foiz yoki 43,1 mln. gektar yer maydonlarining elektron xaritasi yaratilib, 40,2 mln. gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.Jumladan, 24,4 mln. gektar qishloq xo‘jaligi yerlari, 11,1 mln. gektar o‘rmon fondi yerlari, 3,1 mln. gektar tabiatni muhofaza qilish yerlari, 125 ming gektar sanoat yerlari va 2,7 mln. gektar zaxira yerlari hisobga olindi.
Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda 900 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarini hisobga olishga bir nechta omillar o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Xususan, yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlari to‘liq yoki qisman mavjud emasligi sababli 286,2 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanib kelayotgan 10 159 ta yuridik va jismoniy shaxslar foydalanuvchi sifatida hisobga olingan.
Jumladan, Qashqadaryoda 72,8 ming gektar, Toshkent viloyatida 67,3 ming gektar, Jizzaxda 38 ming gektar, Samarqandda 27,9 ming gektar, Sirdaryoda 26,6 ming gektar, Qoraqalpog‘istonda 23,5 ming gektarni tashkil etadi.
Qolaversa, 159 ming gektar yerdan foydalanuvchilarning hujjatida ko‘rsatilgan yer maydoniga nisbatan amaldagi yer maydoni o‘rtasida tafovutlar mavjudligi sababli davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shuningdek, 19 658 ta qishloq xo‘jaligi korxonalarining 460,5 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari huquqiy maqomi aniq emasligi sababli, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Uzoq yillar davomida sobiq kolxoz, sovxoz yerlaridan aholiga uy-joy qurish uchun 817,1 ming gektar yer ajratilgan bo‘lib, ushbu yerlar hisobotda qishloq xo‘jaligi yerlari toifasida tomorqa sifatida yuritib kelinmoqda.
Hududlar kesimida bu ko‘rsatkich Buxoroda 128,3 ming gektar, Qashqadaryoda 117,8 ming gektar, Samarqandda 85,9 ming gektar, Toshkent viloyatida 78,8 ming gektarni tashkil etadi.
Bu esa o‘z navbatida, yer hisobotini to‘g‘ri yuritilishiga to‘sqinlik qilmoqda.
Shu bois, 2024 yil 1 iyulga qadar bitta tuman misolida aholiga yakka tartibda uy-joy (tomorqa yer) va qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda bino va inshootlar qurish uchun ajratilgan yerlarni toifasini o‘zgartirish bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi.
Bugungi kunga qadar respublikada mavjud 827 ming gektar suv fondi yerlaridan 318,3 ming gektari hamda 172,1 ming gektar ichki avtomobil yo‘llaridan 5,1 ming gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Qolgan 509 ming gektar suv fondi va 167 ming gektar ichki avtomobil yo‘llarning yer ajratish qarorlari va chegaralari belgilanmaganligi sababli, ushbu yerlar hisobga olinmasdan qolmoqda.
Yig‘ilishda Davlatimiz rahbari tomonidan suv fondi yerlari va ichki avtomobil yo‘llari egallagan yerlarni hisobga olish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha mas’ul vazirlik hamda idoralarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shu bilan birga, 21 ta vazirlik va davlat idoralariga tegishli 49 333 ta ko‘chmas mulk ob’ektlaridan 6 821 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda, vazirlik va idoralarga o‘z tizimidagi korxona va tashkilotlarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini hisobini yuritish va ularni belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yuklatildi.
Kadastr agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahri hamda 154 ta tuman va 5 ta shaharning ma’muriy chegaralari belgilangan bo‘lsada, hokimliklar tomonidan chegaralarni tasdiqlash ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat va 159 ta tuman (shahar)ning chegarasini belgilash bo‘yicha tayyorlangan hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va chegaralarni Oliy Majlis Senati tomonidan tasdiqlatish bo‘yicha topshiriq berildi.
So‘nggi 5 yil davomida 42 463,5 gektar qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish ahvoli o‘rganilganda, hokimliklar qaroriga asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri loyiha tashabbuskorlariga ajratilgan 18 587,9 gektar yerlarning 4 426,6 gektarida qurilish ishlari yakunlangan bo‘lsa, 7 224,2 gektarida qurilish ishlari olib borilayotganligi va 7 ming gektarida qurilish ishlari boshlanmasdan bo‘sh turganligi ma’lum bo‘ldi.
Yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan Kadastr agentligiga barcha sanoat yerlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, viloyat hokimlariga esa qurilish boshlanmagan 7 ming gektar yerlarni zaxiraga qaytarish topshirildi.
Bundan tashqari, toifasi o‘zgartirilgan yer maydonlarining 17 480,5 gektari hokimliklar nomiga zaxiraga olingan bo‘lsada, realizatsiya qilinmagan.
Viloyat hokimlari yil yakuniga qadar ushbu yerlari auksionga chiqarmagan taqdirda, qishloq xo‘jaligi toifasiga qaytarilishi haqida ogohlantirildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA