Moliya vazirligining bergan ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilda Davlat byudjeti daromadlari tarkibida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 18 trillion 917,7 milliard so‘mni yoki jami tushumning 11,5 foizini tashkil qilgan.
Davlat byudjeti parametriga nisbatan bu 13 foizni tashkil qilgan. Ish beruvchilar to‘lov manbaida ushlab qoladigan daromad solig‘i 17,5 trillion so‘mni tashkil etgan.
Davlat byudjetiga undiriladigan yig‘imlar bo‘yicha 2 068,8 milliard so‘m kelib tushgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2021 yil dekabr oyida jismoniy shaxslardan daromad solig‘i to‘lovchilar soni 4 million 761 ming 211 tani tashkil qilgan. Ish haqi darajasining dinamikasiga ko‘ra, ish haqi miqdori 1 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovchilar jami to‘lovchilarning 33 foizini tashkil qiladi.
Shuningdek, ish haqi miqdori 1 million so‘mdan 2 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovchilar jami to‘lovchilarning 23 foizni tashkil qilmoqda.
Yana bir ma’lumot. O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasiga asosan, 2019 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning ish haqidan olinadigan 8 foizli sug‘urta badali bekor qilindi hamda soliq stavkasi 22,5 foizgacha bo‘lgan 4 pog‘onali daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foiz etib belgilandi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2020 yilning 1 iyuldan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari soni 24 tadan 67 taga ko‘paytirildi. Mazkur kasb egalari daromad solig‘idan ozod qilingan.
Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, BHMning kamida 50 foizi hajmida to‘laydi. Ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi, undan kelib chiqqan holda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA