O‘zbekistonda soliq tushumlari 63,6 trillion so‘mni tashkil etdi
2026-yilning birinchi choragida soliq organlari tomonidan respublika byudjetiga 63,6 trillion so‘m tushum ta’minlandi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24 foizga oshgan.
Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, tushumlarning asosiy qismi foyda solig‘i hissasiga to‘g‘ri kelib, ushbu yo‘nalishda 20,4 trillion so‘m mablag‘ undirilgan. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 43 foizga ko‘p.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i tushumlari 12,5 trillion so‘mni tashkil etib, 27 foizga oshgan. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar 10,7 trillion so‘mga yetib, o‘sish sur’ati 15 foizni qayd etdi.
Shuningdek, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq tushumlari 6 trillion so‘mni, aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlar esa 4,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Soliqsiz tushumlar hajmi 3,3 trillion so‘mga yetib, 1 foizga oshgan.
Yer solig‘i tushumlari 2,8 trillion so‘mni tashkil etib, 34 foizga ko‘paygan. Mol-mulk solig‘i bo‘yicha byudjetga 2,3 trillion so‘m tushgan bo‘lsa, aylanmadan olinadigan soliq tushumlari 0,6 trillion so‘mga yetib, 12 foizlik o‘sish qayd etilgan.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq turi eng yuqori o‘sish sur’atini tashkil etib, ushbu yo‘nalishdagi tushumlar 82 foizga oshgan holda 0,4 trillion so‘mni tashkil etdi.
Hamroz Bayonov, O‘zA