Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963 yil 21 may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston mazkur konvensiyaga qo‘shilishi natijasida fuqarolik yadro ob’ektlarida sodir bo‘lgan hodisalar oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik rejimi, zararni qoplash tartibi, muddatlari va tamoyillarini belgilaydigan asosiy normalar ham tatbiq etiladi. Shuningdek, yadroviy javobgarlik rejimi yadroviy falokat yuz bergan taqdirda O‘zbekiston xalqiga tovon to‘lanishi ta’minlanadi.
Mazkur hujjatning asosiy maqsadi – yadroviy qurilma operatori tomonidan boshqariladigan inshootlarda sodir bo‘lgan hodisalar natijasida yuzaga kelgan yadro zarari uchun operatorning javobgarligi, shuningdek, yadro zararidan moliyaviy himoyani ta’minlash uchun minimal talablarni belgilashdan iborat.

Senatorlar tomonidan O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi yadro energetikasi va xavfsizligi sohasida xalqaro huquqiy maydonga kirishini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yadroviy xavfsizlikni kafolatlash, yadroviy zarardan jabrlanuvchilarning huquqlarini munosib himoya qilish hamda yadro energetikasi sohasida sug‘urta tizimi va kompensatsiya mexanizmlarini joriy etish ham nazarda tutilgan.
O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytiradi hamda uning dasturlari doirasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish ishlarini jadallashtiradi.
Senatorlar, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, Atom energiyasi agentligi vakillari, Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti hamda Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi mutaxassislari va ekspertlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA