O‘zbekiston — Xorvatiya hamkorlik aloqalari kengayib bormoqda
Xorvatiya Parlamenti Konstitutsiya, reglament va siyosiy tizim qo‘mitasi raisi Ivan Malenitsa boshchiligidagi delegatsiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrif buyurdi.
Muloqot avvalida Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Rahimjon Hakimov mehmon tomoniga O‘zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi, uning qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.
O‘z navbatida, I.Malenitsa samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan faol, ochiq va konstruktiv tashqi siyosat, keng ko‘lamli islohotlar va ularning natijalarini yuqori baholadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xalq diplomatiyasi ikki tomonlama munosabatlarning barqaror tayanchi sifatida alohida o‘rin tutishi, parlamentariylar oliy darajadagi kelishuvlarning nazoratini olib borishlari, xalqaro aloqalarning huquqiy jihatdan mustahkamlanishiga hissa qo‘shishlari muhimligi ta’kidlandi.
Oliy Majlisda Xorvatiya Parlamenti bilan bilan hamkorlik bo‘yicha “do‘stlik guruhi” tuzilgani ikki davlat o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilayotgani urg‘ulandi.


***
Shu kuni Oliy Majlisning Xorvatiya Respublikasi Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda keyingi yillarda O‘zbekiston — Xorvatiya munosabatlari yangi sur’at bilan rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kengayotgani e’tirof etildi.
I.Malenitsa ikki davlat munosabatlari ancha faollashgani, jumladan, mintaqaviy va xalqaro doiradagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini yuqori baholab, parlamentlararo aloqalarning rivojlanishi mazkur munosabatlarni har tomonlama taraqqiy topishiga zamin yaratishini qayd etdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish uchun do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jonlantirish, o‘zaro tashriflar almashinuvini izchil davom ettirish zarurligini qayd etdi.
M.Komilova, O‘zA