O‘zbekiston va Xorvatiya standartlashtirish yo‘nalishida yangi hamkorlik sahifasini ochmoqda
Parij shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO) Bosh Assambleyasi doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Xorvatiya standartlar instituti (HZN) vakillari o‘rtasida muhim ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muloqot ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy qadam bo‘ldi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qildi. Xususan, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish va bu orqali o‘zaro mahsulot aylanmasi hajmini oshirish, standartlashtirish sohasida ilg‘or tajriba almashish, soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ikki tomonlama istiqbolli loyiha va yo‘nalishlarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish hamda standartlashtirish sohasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni izchil rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA