O‘zbekiston xalqaro mehmonxona operatorlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Mamlakatimizda turizm infratuzilmasini rivojlantirish va xalqaro mehmonxona brendlarini mamlakat bozoriga jalb etish bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulov “Rotana Hotel Management Corporation” kompaniyasi asoschisi Nasser Al Novays bilan hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokara o‘tkazdi.
Qayd etish lozimki, “Rotana Hotel Management Corporation” 1992-yilda Abu-Dabida tashkil etilgan bo‘lib, Yaqin Sharqdagi yetakchi mehmonxonalarni boshqarish kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya portfelida “Rotana Hotels & Resorts”, “Rayhaan Hotels & Resorts by Rotana”, “Arjaan Hotel Apartments by Rotana”, “Centro Hotels by Rotana”, “Edge by Rotana” va “The Residences by Rotana” brendlari ostida faoliyat yuritayotgan hamda rivojlantirish bosqichidagi 114 dan ortiq ob’ekt mavjud.
Uchrashuvda xorijiy investorlar, xalqaro mehmonxona operatorlari va mehmondo‘stlik sanoatining boshqa brendlarida O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritishga qiziqish ortib borayotgani ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Dastlabki bosqichda Toshkent va Samarqand shaharlaridagi bir nechta mehmonxonani “Rotana” kompaniyasining operativ boshqaruviga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Kelgusida hamkorlikni mamlakatning boshqa shaharlarida ham kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mehmondo‘stlik sanoatining turdosh yo‘nalishlaridagi hamkorlikka, jumladan, O‘zbekistonga mashhur xalqaro restoran brendlarini jalb qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasining xalqaro “Arabian Travel Market” (ATM) turizm ko‘rgazmasidagi ishtiroki doirasida “Fairmont Hotels and Resorts”, “Rove Hotels”, “Mandarin Oriental Hotel Group” kabi yetakchi xalqaro mehmonxona brendlari mutasaddilari hamda boshqa kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muloqotlar davomida mazkur brendlarning O‘zbekiston bozoriga kirib kelishi, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda xalqaro mehmonxona operatorlarining mamlakatimizdagi ishtirokini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA