Buyuk mutafakkir va shoir bobokalonimiz Alisher Navoiy ijodini har qancha o‘rgansak, targ‘ib etsak oz. Joriy yilda atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan alloma bobomizning tavalludiga 584 yil to‘ldi.
Har yili Navoiy ijodiga oid tadbirlar mamlakatimizda baland ruhda nishonlanadi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham fevral oyi – “Navoiyxonlik oyligi” deb e’lon qilingan bo‘lib, oylik doirasida “Adabiy gurunglar” mavzusida navoiyshunos olimlar, atoqli yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Mazkur akademiyada oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton bilan adabiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yozuvchi Isajon Sultonning ijodiy faoliyati haqida ma’lumot berildi. Isajon Sulton “Boqiy darbadar”, “Ma’suma”, “Ozod”, “Genetik”, “Bilga Xoqon” romanlari, “Munojot”, “Onaizorim”, “Robiya Balhiy” kabi qissalar va turli mavzudagi hikoyalar muallifi sanaladi.
Ayniqsa, yozuvchi ijodida “Alisher Navoiy” romani alohida o‘rin tutadi. Muallif Alisher Navoiy obrazi orqali odamiylik, do‘stga sadoqat, va’daga vafo, ezgulik, yaxshilik kabi qator go‘zal fazilatlarni kitobxonga yetkazishga urinadi.
Shuningdek, adib Javoharlal Neruning “Hindiston” kitobining “Bobur” qismini, Dino Butssati, Ryunosk Akutagava, Umar Sayfiddin kabi ijodkorlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
2010 yilda Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” asari O‘zbekistonda yilning eng yaxshi romani deb e’tirof etilgan. Shuningdek, adibning “Qismat“ hikoyasi AQSHning Chikago shahrida chop etiladigan “Leksikon” adabiy jurnali tanlovida g‘olib chiqqan.
Tadbirda yozuvchi Isajon Sulton keyingi yillarda yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirishga davlatimiz rahbari tomonidan katta e’tibor berilayotgani, kitob mutolaasi kishini ma’naviy kamolot sari yetaklashi, insonni har tomonlama yetuk, komil shaxs sifatida shakllanishidagi o‘rni nihoyatda beqiyos ekanini ta’kidladi. Muallif kitob insonning qalbini ochadigan buyuk mo‘’jiza ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan adibga murojaat qildi.
N.Usmonova, O‘zA