Xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Bryussel shahrida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabat izchil va pragmatik asosda rivojlanib kelmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ochiqlik va xalqaro hamkorlikka intilish mazkur tuzilma bilan aloqalarni ham yangi bosqichga ko‘tarish zaruratini kun tartibiga chiqardi.
Shu maqsadda YeI va O‘zbekiston 2018 yil takomillashtirilgan va kengaytirilgan EPCA (Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) bitimi bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Ushbu hujjat siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, inson huquqi va qonun ustuvorligini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida yangi tarixiy bosqichni boshlab berishi kutilyapti.
Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida mintaqalarimiz o‘rtasida amalga oshirilgan ishlar natijalari, davlatimiz rahbarining tashrifi va bo‘lajak muzokaralardan kutilayotgan natijalar hamda hamkorlik istiqboli xususida atroflicha fikr bildirdi.
– Tashrif doirasida imzolanishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va YeI o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) o‘zaro munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradigan tarixiy qadam sifatida baholanmoqda.
EPCA respublikamizdagi islohotlar jarayoni va davlatimizning jahon hamjamiyatiga chuqurroq integratsiyasiga yo‘naltirilgan strategik konsepsiyani aks ettiradi.
Mamlakatimizning asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri sanalgan YeI bilan o‘zaro tovar aylanmasi 2024 yil yakunida 4,5 milliard yevroni tashkil etdi. O‘zbekiston tuzilmaning “Global Gateway”, “Horizon Europe” va “Erasmus+” kabi global tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda. Bu ikki tomonlama munosabat yangi sifat bosqichiga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
2022 yil tomonlar EPCA bo‘yicha muzokaralarni yakunlab, hujjatni ratifikatsiya qilish jarayonini boshlagan edi. Ushbu yangi kelishuv siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo erkinligini kengaytirish hamda “yashil energetika” va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha strategik sheriklikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlaydi.
YeIning Toshkentdagi delegatsiyasi, qo‘shma kengash va inson huquqlari bo‘yicha muntazam muloqot ikki tomonlama munosabatning muhim institutsional asosini tashkil etadi.
Qayd etish joiz, 2021 yildan O‘zbekiston YeIning GSP+(Generalized System of Preferences Plus – Kengaytirilgan savdo preferensiyalari tizimi) tizimi ishtirokchisi. Bu mamlakatga 6 200 dan ortiq turdagi mahsulotni Yevropa bozoriga bojsiz olib kirish imkonini beradi. Natijada 2023 yil yurtimizning YeI hududiga eksporti 2020 yilga nisbatan 40 foiz oshdi.
Ayni payt mamlakatimizga yo‘naltirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyaning 10 foizi YeI hisobiga to‘g‘ri keladi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Niderlandiya kabi davlatlar ishtirokida sanoat, mashinasozlik, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi texnologiyasi sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
2023 yil Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo Energetika va Iqlim forumi”da qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, energiya samaradorligini oshirish va uglerod miqdorini qisqartirish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi qabul qilindi.
YeIning “Global Gateway” tashabbusi doirasida O‘zbekistonda 500 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu tashabbus mamlakatning 2030 yilgacha energiya balansida qayta tiklanadigan manbalar ulushini 25 foizga yetkazish strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, YeI “Team Europe Initiative on Green Transition” dasturi orqali respublikamizning “yashil iqtisodiyot” siyosatini moliyaviy va texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda. Bu doirada suv tejamkor texnologiyalar, chiqindilarni qayta ishlash va ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tuzilma yurtimiz bilan ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni Erasmus+, Horizon Europe, Tempus va Jean Monnet dasturlari orqali amalga oshirmoqda. Masalan, Erasmus+ doirasida 2014-2024 yillar mobaynida 4 200 dan ziyod o‘zbek talaba va professor-o‘qituvchilar ko‘hna qit’a davlatlarida tahsil oldi, malaka oshirdi. 2023 yil YeI qo‘llovi bilan Toshkent davlat texnika universiteti va Yevropa universitetlari hamkorligida qo‘shma “Smart Energy” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Horizon Europe dasturi doirasida esa o‘tgan yil besh ilmiy muassasamiz innovatsion energiya va iqlim sohalari bo‘yicha xalqaro grantni qo‘lga kiritdi. Bu natija mamlakatning ilmiy-innovatsion salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga muhim turtki berdi.
Tashkilot bilan demokratik islohotlar, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘nalishlarida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Gender tenglikni ta’minlash maqsadida YeI moliyalashtirgan “Women in Business” dasturi orqali 2020-2024 yillar davomida 800 dan ziyod xotin-qiz tadbirkorlik va moliya boshqaruvi bo‘yicha grant yoki trening bilan qo‘llab-quvvatlandi.
YeI fuqarolik jamiyati tashkilotlarining iqlim, ta’lim va ijtimoiy tenglik sohalaridagi tashabbuslarini rag‘batlantirmoqda, jamiyatdagi rolini kuchaytirishga hissa qo‘shmoqda.
Bryusselda Prezident Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi doirasida imzolanishi kutilayotgan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy va siyosiy poydevorini yangilab, diyorimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik, qonun ustuvorligi, iqtisodiy erkinlik va “yashil rivojlanish” siyosatini YeI demokratik qadriyatlari va ilg‘or tajribasi bilan uyg‘unlashtiradi. Siyosiy muloqotni kuchaytirish, savdo va investitsiya salohiyatini oshirish, “yashil energetika”, raqamli iqtisodiyot, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun zamin yaratadi.
EPCA imzolanishi va amalga oshirilishi natijasida O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga chuqur integratsiyasi, inson huquqi va fuqarolik jamiyati sohasidagi, barqaror energetika va iqlim siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlari qo‘llab-quvvatlanadi. Qolaversa, YeIning moliyaviy, ilmiy va texnologik ko‘magi mamlakatdagi modernizatsiya jarayonini tezlashtiradi, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlaydi.
Bryusselda imzolanishi rejalashtirilayotgan EPCA bitimi faqat tashqi siyosiy hujjat emas, balki Yangi O‘zbekistonning ochiq, barqaror va innovatsion rivojlanish sari intilishini, davlatimizning global maydondagi munosib o‘rnini belgilaydigan muhim siyosiy-iqtisodiy qadamdir.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.