YeI Ukraina bilan integratsiyani kuchaytirmoqda
Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazish uchun amaliy tashrif bilan Kiyevda bo‘ldi. Uchrashuvning asosiy mavzulari dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va mamlakatning Yevropa Ittifoqiga (YeI) qo‘shilish jarayoni bo‘ldi.
Fon der Lyayen Ukrainaning frontdagi vaziyati o‘zgarayotganini ta’kidlarkan, “Ukraina kuchli harbiy sur’atni shakllantirdi, endi shamol biz tomonga yesmoqda”, dedi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi ajratgan 90 milliard yevrolik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturi amalga oshirilayotganini eslatib, mudofaa sanoati integratsiyasini yanada chuqurlashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslar e’lon qilinishini ma’lum qildi.
Muzokaralarning markazida uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘yicha yangi kelishuv turibdi. Hujjatga ko‘ra, Ukrainada ishlab chiqarilgan dronlarning bir qismi Yevropa hududida saqlanadi. Bu Kiyev uchun ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirsa, Yevropa davlatlariga Ukrainaning jang maydonida sinovdan o‘tgan texnologiyalaridan foydalanish imkonini beradi.
Tashrif davomida Zelenskiy Yevropa bilan hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun Ursula fon der Lyayenni yangi ta’sis etilgan “Yevropa” ordeni bilan taqdirlashi rejalashtirilgan. Shuningdek, u Ukraina–Janubi-Sharqiy Yevropa sammitida ishtirok etib, Xorvatiya, Moldova, Ruminiya va boshqa davlatlar rahbarlari bilan ham muzokaralar o‘tkazadi.
So‘nggi oylarda Ukraina uchun vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi. Yevropa Ittifoqi bilan a’zolik muzokaralari yana faollashdi, mamlakat yana bir muzokaralar klasterini ochishga erishdi. Bryussel esa bu jarayonni harbiy hamkorlik va texnologik integratsiya bilan bir vaqtda davom ettirishga intilayotganini namoyon qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA