O‘zbekiston va Yaponiya: tog‘-kon sohasida hamkorlik rivojlantiriladi
Yurtimizda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini rivojlantirish, yer osti boyliklarini o‘rganish va ulardan samarali foydalanish, shuningdek, tarmoqqa xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov Yaponiya Bosh vazirining maxsus maslahatchisi Yoshimasa Uno boshchiligidagi delegatsiya bilan o‘tkazgan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida biznes, infratuzilma, tog‘-kon sanoati va geologiya yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqot chog‘ida foydali qazilmalarni geologik qidirish, qazib olish va qayta ishlash sohasida strategik sheriklikni kengaytirish, Yaponiya investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb etish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA