Munosabat

Ayni kunlarda dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari va tahlilchi ekspertlar nigohi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Xitoy davlatida bo‘lishiga oid voqealar rivojiga qaratilgan.
Jumladan, OAV va ekspertlar o‘tgan vaqt davomida ikki mamlakat yetakchilari tashabbuslari bilan ikki xalq turmush farovonligini yuksaltirish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratilgan. Ikki davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmlarini oshirish, xalqaro darajadagi muammolar yuzasidan yakdil fikrda ekanliklari hamda bu galgi tashrif va unda erishilishi kutilayotgan natijalar keng yoritilmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari o‘rnatilganligiga 30 yildan oshdi. Yil sayin ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro siyosiy ishonch va do‘stona aloqalari izchillik bilan mustahkamlanib bormoqda. Xususan, 2017 yildan boshlab, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar barqaror yuqori sur’atni namoyish etib, o‘z tarixidagi eng namunali davrga qadam qo‘ydi.
O‘tgan yetti yil davomida davlat yetakchilarining 3 marta telefon orqali muloqoti va 8 marta uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. XXR raisi Si Szinpin 2022 yilda O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. O‘z navbatida O‘zbekiston yetakchisi Xitoyga 5 marta (2017, 2019, 2022, 2023 yillarda) tashrif buyurgan. O‘tgan ikki yil davomida amalga oshirilgan o‘zaro davlat tashriflari yakunlariga ko‘ra 60 ga yaqin hujjat imzolandi. Umumiy qiymati 40 milliard dollardan ortiq bo‘lgan savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ayni vaqtda 2023-2027 yillarda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi, shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish dasturi amalga oshirib kelinmoqda. 2024 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan Xitoy kapitali ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 2 337 tani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan 2023 yilga nisbatan 196 taga ko‘p demakdir.
Ushbu raqamlardan ham bilish mumkinki, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch rishtalari bugun soha va tarmoqlar kesmida ham jadal rivojlanmoqda. Aytish mumkinki, bu galgi tashrif va uning doirasida erishiladigan ikki tomonlama shartnoma va bitimlar ham tarixi va sivilizatsiyalari mushtarak bo‘lgan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari hayoti yanada farovonlashishiga xizmat qiladi.
Muzafara ABDIEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA