O‘zbekiston – Xitoy: o‘zaro munosabatlar va sivilizatsiyalar uyg‘unligi
Kuni kecha diyorimizning Pekin shahridagi elchixonasida “O‘zbekiston – Xitoy: sivilizatsiyalar muloqoti va umumiy meros” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining XXR yetakchi muzeylari, ilmiy muassasalari va madaniy tashkilotlari bilan hamkorligining yangi dasturi taqdim etildi.
Mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida tashkil etilgan yig‘inda diplomatik korpus va davlat idoralari xodimlari, yetakchi muzeylar rahbarlari, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, arxeologlar, san’atshunoslar, madaniyat arboblari hamda ikki o‘lka ekspertlar hamjamiyatining 200 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy merosni o‘rganish, asrash va ommalashtirish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Tomonlar qo‘shma muzey ko‘rgazmalari, arxeologik tadqiqotlar va ekspeditsiyalar tashkil etish, ilmiy nashr loyihalarini amalga oshirish, multimedia ekspozitsiyalarini yaratish, mutaxassislar almashinuvi dasturlari va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish rejalarini taqdim etdilar.
Shuningdek, Buyuk Ipak yo‘li orqali shakllangan ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik aloqalarni aks ettiruvchi tarix va madaniyat yodgorliklarini aniqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

– Islom sivilizatsiyasi markazi allaqachon jahon ahamiyatiga ega markazga aylandi, -dedi SHHT bosh kotibi o‘rinbosari Xan Suxeyl. – O‘zbekistonga nisbatan alohida mehr tuyg‘usi bilan aytamanki, mening eng yaxshi talabalik yillarim aynan shu mamlakatda o‘tgan. Shu bois, bu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ezgu orzusi bo‘lganini yaxshi bilaman. Uning amalga oshirilishi Yangi O‘zbekiston barpo etish g‘oyasining mohiyati va buyuk sivilizatsiyalar ruhini butun dunyoga namoyon etdi.
Tadbirning yana bir muhim voqeasi sifatida elchixonamizda doimiy faoliyat yurituvchi ikki ekspozitsiya ochildi. Ulardan biri o‘lkaning zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston” fotoko‘rgazmasi bo‘lsa, ikkinchisi yurtimiz madaniy merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU)ning Vatanimiz tarixi, madaniy merosi hamda Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy nashrlaridan iborat kitoblar ko‘rgazmasidir.

– Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgan xitoylik delegatsiyalar ta’kidlaganidek, dunyodagi eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi ekspozitsiyalarida islomgacha bo‘lgan sivilizatsiyalar, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik yo‘li jonli aks etgan. Shu bois ham mazkur markazning Ginnessning rekordlar kitobiga kiritilgani bejiz emas, -dedi Xitoy Tarix akademiyasi vitse-prezidenti, Arxeologiya muzeyi direktori Lyu Gusyan.
Anjuman yakunida tomonlar ilmiy va madaniy hamkorlikni yanada kengaytirishga qiziqish bildirib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Xitoy yetakchi muassasalari bilan hamkorligi yangi xalqaro loyihalarni amalga oshirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar sheriklikni mustahkamlash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.
O‘.Alimov, O‘zA