O‘zbekiston va Xitoy: huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi Xitoyda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov hamda Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun boshchiligidagi delegatsiyalar o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi o‘rtasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” ijrosini izchil davom ettirish hamda “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldi.
Uchrashuv davomida Xitoy hukumati va Jamoat xavfsizligi vazirligining O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.

Ayniqsa, IIV Akademiyasining Innovatsion ta’lim markazi soha uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, uyushgan va boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratildi.
Shuningdek, kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika yo‘nalishlarida ilg‘or tajriba almashish hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Biometrik identifikatsiya, zamonaviy kriminalistika texnologiyalari, politsiya aviatsiyasi va dronlardan foydalanish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida yuqorida qayd etilgan ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA