O‘zbekiston va Xitoy: bojxona auditi sohasida o‘zaro tajriba almashildi
Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona bosh boshqarmasi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasiga tashrifi doirasida bojxona auditi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator ishchi uchrashuvlar va taqdimotlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida Xitoy tomoni bojxona auditini tashkil etish, auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirish amaliyoti, xavflarni boshqarish mexanizmlari hamda zamonaviy tahlil usullarini qo‘llash bo‘yicha o‘zining ilg‘or tajribasini taqdim qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi mutaxassislari esa mamlakatimizda bojxona auditini o‘tkazishning huquqiy va amaliy asoslari, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari faoliyatini tahlil qilish, bojxona qiymatini nazorat qilish, tovarlarni tasniflash hamda davlat idoralari o‘rtasida axborot almashinuvini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, ikki mamlakat mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda bojxona auditi sohasidagi ilg‘or yondashuvlar, mavjud muammo va chaqiriqlar, ularni bartaraf etishning samarali mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar bojxona auditini raqamlashtirish, xavflarni baholash tizimlarini takomillashtirish, tahliliy salohiyatni oshirish va sohada xalqaro standartlarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha bojxona auditi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, mutaxassislar o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma o‘quv dasturlari va tajriba almashish tadbirlarini muntazam tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur muloqotlar O‘zbekiston va Xitoy bojxona xizmatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlash, sohaga zamonaviy boshqaruv va nazorat mexanizmlarini joriy etish hamda bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA