Savdo, investitsiya va bojxona: O‘zbekiston – Xitoy hamkorligining yangi qiyofasi
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar savdo-iqtisodiy, transport-logistika, investitsiya, ta’lim va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida izchil rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning kengayishi tashqi savdo ko‘rsatkichlarida, bojxona organlari o‘rtasidagi amaliy aloqalarda hamda investorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mexanizmlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tashqi savdoda barqaror o‘sish
Mamlakatimiz Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 16,1 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan. Jumladan, Xitoydan import hajmi 14,4 mlrd dollar, O‘zbekistondan Xitoyga eksport hajmi esa 1,7 mlrd dollarga yetgan.
2026-yilning birinchi yarmida ikki mamlakat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi qariyb 8,9 mlrd dollarni tashkil etib, shundan 8 mlrd dollari import, 885,8 mln dollari eksport hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida tashqi savdo aylanmasi 6,4 mlrd dollar bo‘lgan. Demak, joriy yilning birinchi yarmida o‘zaro tashqi savdo hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 39,3 foizga o‘sdi.
Xitoydan o‘lkamizga asosan elektrotexnika mahsulotlari, sanoat uskunalari, transport vositalari va ehtiyot qismlari, turli iste’mol tovarlari import qilinmoqda. O‘zbekiston esa Xitoy bozoriga metall va metall mahsulotlari, to‘qimachilik tovarlari, yoqilg‘i-energetika mahsulotlari hamda boshqa eksportbop mahsulotlarni yetkazib bermoqda.
Tashqi savdo hajmining o‘sishi bojxona rasmiylashtiruvini yanada tezkor tashkil etish, raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish va xavflarni samarali boshqarish mexanizmlarini takomillashtirishni talab etmoqda.
Chegara infratuzilmasida turistlar oqimining kengayishiga qaratilgan yangi yondashuv
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bilan bir qatorda turizm aloqalari ham jadal rivojlanmoqda. Xususan, ikki davlat o‘rtasida 2024-yil 1-dekabrda Chendu shahrida vizalarni o‘zaro bekor qilish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Unga muvofiq, ikki mamlakat fuqarolari bir safar davomida 30 kungacha, 180 kun mobaynida esa jami 90 kundan oshmagan muddatda vizasiz sayohat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Natijada, 2025-yilda O‘zbekistonga 278,9 ming xitoylik sayyoh tashrif buyurib, avvalgi yilga nisbatan 5 barobarga oshdi.
Xitoydan kelayotgan sayyohlar, tadbirkorlar, investorlar va xalqaro tashuvlar sonining ortishi bojxona chegarasi infratuzilmasini ham zamonaviy talablarga muvofiqlashtirishni taqozo etdi.
Shu munosabat bilan, yo‘lovchilar harakatlanadigan xalqaro bojxona postlariga xitoy tilida suhbatlasha oladigan xodimlar ishga qabul qilindi, postlar ushbu tilda devoriy axborot lavhalari, yo‘naltiruvchi belgilar va bojxona tartib-taomillariga oid tushuntirishlar bilan jihozlandi.
Mazkur yondashuv xalqaro standartlarga moslashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Investorlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi
2025-yil 12-dekabrda Bojxona qo‘mitasida respublikada faoliyat yuritayotgan xitoylik investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, shuningdek, yirik kompaniyalar vakillaridan iborat 473 nafar xitoylik investor va tadbirkor ishtirok etdi.
Uchrashuvda eksport-import jarayonlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, texnologik uskunalar va materiallarni olib kirish, bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish hamda tadbirkorlik faoliyatida yuzaga kelayotgan masalalar muhokama qilindi. Muloqot davomida bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish, investorlarning muammo va takliflarini tizimli o‘rganish hamda ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatuvchi mas’ul tuzilmani belgilash taklif etildi.
Mazkur takliflar asosida Bojxona qo‘mitasining Tadbirkorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi tarkibida “Tadbirkorlar faoliyati, investitsiyalar va Xitoy loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi” tashkil etildi.
Yangi tuzilmaning asosiy vazifalari XXR ishtirokidagi investitsiya loyihalarini bojxona jarayonlarida qo‘llab-quvvatlash, olib kirilayotgan texnologik uskunalar va materiallarni tezkor rasmiylashtirishga ko‘maklashish, investorlarning murojaatlarini tizimli o‘rganish hamda ularni tegishli idoralar bilan hamkorlikda hal etishdan iborat.
Hozirgi kunda mazkur bo‘lim tomonidan umumiy qiymati qariyb 2 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lgan 13 ta yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Loyihalar elektr energiyasi ishlab chiqarish, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash, zamonaviy turar joy va savdo-ko‘ngilochar majmualarini barpo etish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Bo‘lim tomonidan loyihalar doirasida olib kirilayotgan texnologik uskuna va materiallarni bojxona rasmiylashtiruvidan tezkor o‘tkazish, yuzaga kelayotgan masalalarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish va investorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.
Kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik
O‘zbekiston va Xitoy bojxona organlari o‘rtasidagi hamkorlikda kadrlar salohiyatini oshirish muhim o‘rin tutadi.
Xususan, 2024-2026-yillarda Xitoyning Shanxay, Urumchi, Guanchjou, Shenchjen, Pekin va Xaynan hududlarida tashkil etilgan 11 ta xalqaro seminar va o‘quv kurslarida O‘zbekiston bojxona organlarining 104 nafar xodimi ishtirok etgan.
Ular xizmat safarlari davomida Xitoyning bojxona nazorati, tashqi savdoni tartibga solish, kontrabandaga qarshi kurashish, xavflarni boshqarish, axborot texnologiyalaridan foydalanish va logistika jarayonlarini tashkil etish bo‘yicha tajribasini o‘rgandi. Bunday o‘quv dasturlari bojxona xodimlarining kasbiy malakasini oshirish, ilg‘or xorijiy amaliyotni milliy bojxona tizimiga tatbiq etish va rasmiylashtiruv jarayonlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi Bojxona instituti hamda Xitoy Xalq Respublikasi Bojxona ma’muriyati huzuridagi Shanxay Bojxona universiteti o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Bojxona instituti kursantlarini har yili Xitoyga o‘qish va stajirovka dasturlariga yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, 2023–2025-yillar davomida Bojxona institutining 25 nafar kursanti va 4 nafar xodimi Shanxay Bojxona universitetida stajirovka dasturini o‘tagan. Dastur ishtirokchilari Xitoy bojxona tizimida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajriba, zamonaviy axborot texnologiyalari, xalqaro savdo tartibotlari va bojxona nazorati bilan yaqindan tanishgan.
Institut kursantlari va xodimlari Lin-gan maxsus hududida o‘tkazilgan “Yuk tashish innovatsiyalari xalqaro konferensiyasi”da ham ishtirok etib, transport jarayonlarini raqamlashtirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish, karbon chiqindilarini qisqartirish va barqaror logistika tizimini rivojlantirishga oid zamonaviy yondashuvlarni o‘rgangan.
Shuningdek, Shanxay Bojxona universitetining infratuzilmasi, bojxona jarayonlarida sun’iy intellekt, avtomatlashtirilgan axborot tizimlari, xavfsizlik va monitoring texnologiyalarini qo‘llash amaliyoti bilan tanishilgan.
Kursantlarning har yili Xitoyda tahsil olishi va tajriba orttirishi kelajak bojxona kadrlarining xalqaro talablarga mos bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, xorijiy tajribani milliy amaliyotga tatbiq etish hamda ikki mamlakatning sohaviy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
G‘.Nasirov,
Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari.
O‘zA