O‘zbekiston va Tanzaniya parlamentlararo hamkorlik kengaytiriladi
Tanzaniyaning Arusha shahrida davom etayotgan Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Tanzaniya Birlashgan Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Mussa Azzan Zungu O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Tanzaniya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, parlamentlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
M.Zungu parlament a’zolarining nufuzli anjumani Arusha shahrida o‘tkazilayotgani, tadbir ishtirokchilari uchun zarur sharoitlar yaratilgani, O‘zbekiston delegatsiyasi uchun bu safar samarali va mazmunli bo‘lishiga ishonchi komil ekanini qayd etdi.
T.Norboyeva assambleya yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasiga mezbonlik qilgani bois bunday yirik xalqaro tadbirni tashkil etish katta sa’y-harakat talab qilishini aytib o‘tdi. Keyingi o‘n yil davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, bandlikni ta’minlash, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar ekani qayd etildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Tanzaniyaning taraqqiyotga oid qarashlari, maqsadlari va qadriyatlarida mushtarak jihatlar ko‘p ekani, lekin mavjud salohiyatga qaramay, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar hozirga qadar yetarli darajada rivojlanmaganiga e’tibor qaratdi.
Parlamentlar ikki mamlakat hukumatlari va xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutishini hisobga olib, O‘zbekiston va Tanzaniya parlamentlarida o‘zaro do‘stlik guruhlarini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Muloqot chog‘ida iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tanzaniya tomoni mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorlik uchun ochiq ekanini bildirdi. O‘zbekiston ishbilarmon doiralari Tanzaniyaga investitsiya kiritishga, jumladan, infratuzilma, aviatsiya va boshqa istiqbolli sohalarda loyihalarni amalga oshirishga taklif etildi.
Tanzaniyaning Ngorongoro, Serengeti va boshqa noyob tabiiy hududlari, O‘zbekistonning esa Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlari ikki mamlakat o‘rtasida turistik almashinuvni rivojlantirish uchun katta imkoniyat yaratishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Tanzaniyaning tinchliksevar tashqi siyosat yuritishi, barcha davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga intilishi ham mushtarak jihat sifatida qayd etildi.
Xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Tanzaniya parlamentida ayollar vakilligi 38 foizni, O‘zbekiston parlamentida esa 39 foizni tashkil etishi –o‘xshash tendensiyalar ekani e’tirof etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo aloqalarni amaliy mazmun bilan boyitish, do‘stlik guruhlarini tashkil etish, diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish jarayonini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Norgul Abduraimova, O‘zA
Tanzaniya, Arusha shahri