Tanzila Norboyeva Istanbulda parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha muhim uchrashuvlar o‘tkazdi
Istanbulda Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq prezidenti Tuliya Ekson va Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashdi.
Parlamentlararo ittifoqning demokratik qadriyatlarni ilgari surish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish borasidagi muhim o‘rni qayd etildi.
O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorligi jadal rivojlanib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Toshkentda o‘tkazilgan 150-yubiley assambleya yuqori baholandi.

Joriy yilda Parlamentlararo ittifoq rahbariyatining vakolatlari tugashi munosabati bilan tomonlar birgalikdagi ishlar yakunlarini sarhisob qildi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar va tashabbuslar tufayli O‘zbekiston parlamenti xalqaro hamjamiyatda o‘z obro‘si va mavqeini sezilarli darajada mustahkamlagani ta’kidlandi.
Joriy yil 4 - 6-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasiga tayyorgarlik ishlariga e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida parlament diplomatiyasini mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.
Bundan tashqari Senat Raisi T.Norboyeva qator davlatlar parlamentlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ozarbayjon Milliy Mejlisi raisi Sahiba Gafarova bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida parlamentlararo munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Tomonlar ikkinchi O‘zbekiston - Ozarbayjon parlamentlararo forumini tashkil etish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashining Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik bilan uchrashuvda navbatdagi O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumi, parlament rahbarlari uchrashuvlari, Yosh parlament a’zolari forumini tashkil etish hamda hududiy vakillik organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi torag‘asi Marlen Mamataliyev bilan muloqotda parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. O‘zaro tashriflar va xalqaro maydondagi muloqotlar ushbu hamkorlikni yanada mustahkamlayotgani qayd etildi. Hududlarda o‘tkazilayotgan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha komissiya yig‘ilishlari esa amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Pokiston Islom Respublikasi Senati raisi Yusuf Rizo Giloniy bilan uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi siyosiy muloqot yuqori darajada ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil fevral oyida Islomobodga tashrifi strategik sheriklik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlagani e’tirof etildi. Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi.
Bahrayn Qirolligi Milliy Majlisi Maslahat kengashi (Shura kengashi) raisi Ali bin Solih As-Solih bilan uchrashuvda esa ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi tarixiy-madaniy va diniy aloqalar mushtarakligi ta’kidlandi. Tomonlar parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishga tayyor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA