O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ilmiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosati izchil kuchayib bormoqda. Shu jarayonda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish muhim ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanib bormoqda.
Ana shunday strategik tashabbuslardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Rossiya Fanlar akademiyasining Ural filiali o‘rtasida ilmiy hamkorlik to‘g‘risidagi yangi kelishuv imzolandi. Mazkur hujjat nafaqat rasmiy hamkorlikni mustahkamlash, balki ilmiy natijadorlikni oshirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli. Kelishuv doirasida, qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, ilmiy ma’lumotlar va nashrlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, olimlar uchun ilmiy infratuzilmalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, kutubxonalar va arxivlardan foydalanish, qo‘shma ilmiy ishlar tayyorlash, konferensiya va seminarlar tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Mazkur hamkorlikning amaliy natijalari ilm-fan tizimiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Xususan, qo‘shma ilmiy maktablar shakllanishi, innovatsion texnologiyalar transferi, ilmiy kadrlar salohiyatini oshirish, xalqaro grantlar jalb etish, mintaqaviy ilmiy integratsiyaning kuchayishi mamlakatimiz ilmiy tizimini global ilm-fan makoniga yanada yaqinlashtiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Rossiya Fanlar akademiyasi Ural filiali o‘rtasida imzolangan kelishuv ilm-fan taraqqiyotida muhim yangilik sifatida baholanadi. Bu hamkorlik nafaqat ikki tomonlama ilmiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki keng mintaqaviy va xalqaro ilmiy integratsiya jarayonlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA