O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida oliy ta’lim va fan sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Yurtimizda ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida ulkan amaliy harakatlar olib borilmoqda. Shunga yarasha jahon maydonida yoshlarimiz erishayotgan natijalar ham quvonarli.
Xalqaro hamkorliklar salmog‘ini yanada oshirish, oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish maqsadida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik ko‘p qirrali xarakterga ega ekanini alohida ta’kidladi. Qayd etilishicha, bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida oliy ta’lim sohasida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza shakllangan bo‘lib, o‘zaro hamkorlik izchil kengayib bormoqda.

Shuningdek, akademik mobillikning ortishi, o‘zbekistonlik yoshlarning Rossiya oliygohlarida tahsil olishga bo‘lgan qiziqishining o‘sib borayotgani alohida e’tirof etildi. Muloqot davomida ta’lim sifatini oshirish, amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, hamda Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Mas’ullar uchrashuv so‘ngida mazkur hamkorlik har ikki mamlakat oliy ta’lim tizimida rivojlanishning yangi bosqichi sifatida muhim o‘rin tutishini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Sherbek Islomov
O‘zA