O‘zbekiston va Qirg‘iziston: sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik rivojlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Robaxon Mahmudova Qirg‘iz Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Nurlan Musayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Mehmonlarga so‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar hamda ular tufayli odil sudlov sohasida yuz berayotgan katta o‘zgarishlar haqida ma’lumotlar berildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi "Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan “Raqamli sud” konsepsiyasi asosida sud ishlarini elektron ko‘rinishda yuritish borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 14-avgustdagi "Odil sudlov - 2030": Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida belgilangan maqsad va vazifalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida odil sudlov sohasini yanada takomillashtirish, sudlar faoliyatini raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha fikr almashildi.

Mehmonlar Oliy sud tarixi muzeyi bilan ham tanishdi.
N.Abduraimova,
O‘zA