O‘zbekiston va Qozog‘iston: sud tizimi o‘rtasida tajriba almashilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Sudyalar oliy kengashi hamda Oliy sud delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Qozog‘iston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida bo‘lib, kengash raisi D.Malaxov bilan uchrashdi.
Unda sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarni tanlash va ularning kasbiy faoliyatini baholash, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish asoslari va tartibi bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasi tajribasi borasida fikr-mulohazalar yuritildi. Shuningdek, ikki davlat sud tizimi o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Bunday muloqotlar O‘zbekiston va Qozog‘iston sud tizimi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, odil sudlovni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish va bu boradagi ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Abduraimova, O‘zA