O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlarida yangi tarixiy bosqich
Tarix sinovlaridan o‘tib, asrlar davomida bir-biriga yelkadosh bo‘lib kelgan O‘zbekiston va Ozarbayjon munosabatlari bugun mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Bir ildizdan suv ichgan, tili va madaniyati tutash bo‘lgan ikki xalq bugun nafaqat tarixiy qardoshlikni, balki mustahkam strategik ittifoqchilikni ham namoyon etmoqda. Bu – oddiy hamkorlik emas, balki vaqt sinovidan o‘tgan chin do‘stlik va mushtarak kelajak timsolidir.
Jumladan, Sohibqiron Amir Temur davridan tortib, sharqona davlatchilik va san’at rivojida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Boku, Ganja, Shusha o‘rtasidagi adabiy-ma’naviy ko‘priklar hech qachon uzilmagan. Nizomiy Ganjaviyning betakror “Xamsa”si Alisher Navoiy dahosini ilhomlantirgani, Navoiyning go‘zal g‘azallari Ozarbayjon xonandalari va mug‘om ijrochilari tomonidan aytib kelingani tasodif emas. Madaniyatlarimiz va urf-odatlarimiz shu qadar singishib ketganki, insonlarimizning mehmondo‘stligi, oilaviy qadriyatlari, tili va san’atga bo‘lgan muhabbati bir-birining takroridek tuyuladi.
Ozarbayjon xalqining ulug‘ farzandi, atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning o‘zbek tarixi va madaniyatiga bo‘lgan yuksak hurmati, ikki davlat do‘stligiga qo‘ygan mustahkam poydevori bugun yangi va yuksak bosqichda davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning ochiq muloqotlari, yuksak saviyadagi davlat tashriflari hamda samimiy birodarliklari asosida ikki mamlakat munosabatlari beqiyos sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Toshkentning markaziy ko‘chalarida va Yangi Toshkent bag‘rida qad rostlayotgan Nizomiy Ganjaviy nomidagi ta’lim muassasalari va Ozarbayjon bog‘lari, Boku va dilrabo Shushada barpo etilayotgan o‘zbek madaniyati hamda maorif maskanlari bu abadiy do‘stlikning naqsh olmagan me’moriy ifodasidir.

Ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma va Oliy davlatlararo kengash qarorlari ortida shunchaki siyosiy kelishuvlar emas, balki xalqlarimizning ming yillik orzu-intilishlari, mushtarak kelajakni birgalikda barpo etishdek ezgu maqsadlari yotibdi. Prezident Ilhom Aliyevning O‘zbekistonning oliy mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning esa Ozarbayjonning eng yuksak mukofoti – “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlangani bu ikki qardosh xalqning bir-biriga bo‘lgan samimiy ehtiromi va e’tirofining yaqqol tasdig‘i bo‘ldi.
Munosabatlarning amaliy mazmuni esa har tomonlama kengayib bormoqda. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortdi va yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Energetika, neft-gaz, kimyo, konchilik, to‘qimachilik, banklar va uy-joy qurilishi bo‘yicha qabul qilinayotgan yirik kooperatsiya loyihalari ikki mamlakat iqtisodiyotining ustunlarini yanada mustahkamlamoqda. Madaniyat, turizm, ta’lim, adliya, pensiya ta’minoti va kinologiya sohasidagi ko‘p qirrali shartnomalar oddiy odamlar hayotida, ularning farovonligi va xavfsizligida aniq aks etmoqda.
Global logistika va transport xaritasida ham O‘zbekiston va Ozarbayjon juda muhim chorrahani tashkil qiladi. “O‘rta yo‘lak”ni birgalikda rivojlantirish, logistika samaradorligini oshirish orqali ikki mamlakat Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi eng ishonchli hamda jozibador tranzit ko‘prigiga aylanmoqda.
Shu bilan birga, ma’naviy-madaniy sohadagi hamkorliklar ham yangi ufqlarni ochmoqda. Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining 20 ming talabaga mo‘ljallangan muhtasham kampusi, undagi ma’rifat markazi hamda Nizomiy Ganjaviy muzeyi yosh avlodni mushtarak ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish yo‘lida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik” nomli qo‘shma kinofilmning suratga olinishi va 2027-yilda futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilish doirasidagi “Ikki mamlakat – bir chempionat” keng ko‘lamli dasturi qardoshlikning yorqin bayramiga aylanishi shubhasiz.
Shuningdek, ikki kunlik tashrif doirasida yetakchilarning birgalikda Sharqning ko‘hna va suronli tarixidan so‘ylovchi Buxoro obidalarini – Somoniylar maqbarasi, Ark qal’asi, Poyi Kalon va Labi Hovuz majmualarini ziyorat qilishlarida ham chuqur ramziy ma’no bor. Buxoro – Buyuk ipak yo‘lida nafaqat savdo, balki islom sivilizatsiyasi va ilm-fanning eng yirik markazi bo‘lganini yana bir bor yodga olish, qardosh Ozarbayjon xalqining Markaziy Osiyo sivilizatsiyasiga bo‘lgan cheksiz ehtiromidan dalolat beradi.
Umuman olganda, bugun O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar oddiy diplomatik aloqalar doirasidan allaqachon chiqib bo‘lgan. Bu – yagona tarix, yagona sivilizatsiya, umumiy til va e’tiqodga asoslangan strategik ittifoqchilikdir. Bugun xaritada ikki Mustaqil davlat turibdi, ammo ularning yuragi bir maromda uradi, maqsadlari mushtarak va kelajagi yagonadir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA