O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini mushtarak tarix va qadriyatlar birlashtiradi
O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining bugungi yaqin munosabatlari qadimiy umumturkiy tarix, mushtarak til, madaniyat hamda asrlar davomida shakllangan iqtisodiy, siyosiy aloqalarga borib taqaladi.
1995-yil 2-oktabrda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilib, 1996-yili Toshkentda Ozarbayjon elchixonasi, 1998-yili esa Bokuda O‘zbekiston elchixonasi ochilgan. 2024-yil 23-avgustda O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalari o‘rtasidagi munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu esa ikki davlat hamkorligining yangi bosqichini boshlab berdi.
Ikki xalqning umumiy turkiy sivilizatsiyaga mansubligini ifodalovchi tarixiy dalillar talaygina. Bu munosabatlarning shakllanishi va yanada mustahkamlanishida Buyuk ipak yo‘lining ahamiyati juda katta.
Sohibqiron Amir Temur ham Ozarbayjon bilan munosabatda uning ilm-fani va hunarmandchiligiga alohida e’tibor qaratib, yuksak hurmat bildirgan. Xususan, Sohibqiron yoshligidan sevib o‘qigan va ko‘p joylarini yod olgan asarlardan biri – ozarbayjonlik mutasavvif shoir Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” (“Sirlar gulshani”) asari bo‘lgani haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Rivoyat va tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Amir Temur Ozarbayjonda bo‘lganida Shabistar qishlog‘ining nomi unga Mahmud Shabistariy va uning “Gulshani roz” asarini eslatadi. So‘rab-surishtirilganda, Shabistariy shu qishloqda yashab o‘tgani, uning qabri esa qarovsiz holda ekani ma’lum bo‘ladi. Shunda Amir Temur o‘z odamlariga farmon berib, qabr o‘rnida mo‘’jaz maqbara qurishni, atrofidan maqbaraga qarashli vaqf yer ajratishni, undan keladigan daromad hisobidan bog‘ barpo etishni va shoir qabrini ziyoratgoh sifatida obod saqlashni buyurgani aytiladi.
Bundan tashqari, Sohibqiron unga g‘oyibona ustoz bo‘lgan Mahmud Shabistariyga nisbatan yuksak hurmat ifodasi sifatida maxsus farmon chiqargani haqida ham ma’lumotlar uchraydi. Ushbu farmonga asosan, Shabistar aholisining 15 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarining har biriga besh misqoldan oltin berilgani, jami 3891 nafar kishiga 19 455 misqol miqdorida oltin ulashilgani haqida ma’lumotlar keltiriladi.
Keyingi davrlarda Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiyning ijodiy merosi ikki xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy munosabatlarning mustahkamlanishida muhim o‘rin tutdi. Bu ma’naviy aloqalar nafaqat o‘sha davr, balki bugungi kun uchun ham ahamiyatlidir.
XII asrda Ganjada yashab, ijod qilgan Nizomiy Ganjaviy Sharq mumtoz adabiyotining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lib, uning mashhur “Xamsa”si keyingi davr adabiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi.
Nizomiyni o‘zining adabiy ustozlaridan biri sifatida ko‘rgan Alisher Navoiy uning an’analarini davom ettirib, turkiy tilda o‘zining “Xamsa”sini yaratdi. Navoiy Nizomiy ijodini chuqur o‘rganib, u haqda fikr bildirar ekan, uning ijodiga yuksak baho bergan.
O‘z navbatida, XVI asr Ozarbayjon adabiyotining buyuk namoyandasi Muhammad Fuzuliy ham Alisher Navoiy asarlarini o‘rganib, uni o‘ziga ustoz sifatida ko‘rgan va Navoiy ijodidan kuchli ta’sir olgan.
Manbalarda Fuzuliy asarlari XVII asrdan boshlab Turkiston madrasalarida o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilgani va kitobxonlar orasida keng tarqalgani qayd etiladi. Bu holat o‘zbek va ozarbayjon adabiy muhiti o‘rtasidagi ma’naviy mushtaraklikning yana bir muhim dalilidir.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng Toshkentda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazining ochilishi ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarning O‘zbekistonda rivojlanishi va keng yoyilishida muhim qadam bo‘ldi.
O‘z navbatida, Ozarbayjonning Ganja shahrida Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va madaniyati markazining ochilishi ozarbayjon xalqining o‘zbek tili va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishining yorqin namunasi bo‘ldi. Fuzuliy shahrida esa O‘zbekiston tomonidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi umumta’lim maktabining qurilishi ikki turkiy davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning amaliy ifodasiga aylandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlik va qo‘shma loyihalar ham jadal rivojlanmoqda.
Xususan, 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi delegatsiya Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori A.Ismoilov bilan birgalikda Ozarbayjon Respublikasi Ta’lim institutida bo‘lib, institut faoliyati bilan tanishdi.
Ozarbayjon Respublikasi Ta’lim instituti direktori Aliyev Elnur G‘azanfar o‘g‘li bilan o‘tkazilgan uchrashuvda maktab rahbarlari salohiyatini rivojlantirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, sifatli ta’lim yo‘lida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv so‘ngida ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, 2025-yilda Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti Ozarbayjondagi STEAM Ta’lim markazi bilan hamkorlik o‘rnatib, qo‘shma malaka oshirish kurslarini tashkil etdi. Unda zamonaviy pedagogik texnologiyalar, loyiha asosida o‘qitish, raqamli vositalar, muhandislik va san’at integratsiyasi, innovatsion fikrlash hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda tajriba almashildi.
Umuman olganda, so‘nggi yillardagi bu kabi keng qamrovli munosabatlar va hamkorliklar O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalarini strategik sheriklikdan ittifoqchilik darajasiga olib chiqdi.
Jumladan, 2022-yil 21-iyunda Toshkentda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi.
2023-yil 22–23-avgust kunlari Boku shahrida Oliy davlatlararo kengashni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
2024-yil 23-avgustda esa Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Ilhom Aliyev O‘zbekiston – Ozarbayjon Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Bu hujjat ikki davlat munosabatlarining sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilganini namoyon etdi.
Ozarbayjon poytaxti Boku shahri markazida O‘zbekiston bog‘ining, Toshkentda esa Ozarbayjon bog‘ining tashkil etilishi, yaqinda Yangi O‘zbekistonda ikki davlat prezidentlari ishtirokida Nizomiy nomidagi Milliy pedagogika universitetining yangi o‘quv binosi ochilishi kabi tashabbuslar rasmiy munosabatlarni yanada mustahkamlash bilan birga, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy va ma’naviy yaqinlikni kuchaytirishga ham xizmat qilmoqda.
2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonning futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga birgalikda mezbonlik qilishi esa ikki mamlakat yoshlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 795 million dollarga yetgan. Yaqinda ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga qadar 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur qabul qilinib, qator shartnomalar imzolandi.
2026-yil 23-avgustdagi O‘zbekiston – Ozarbayjon sammiti ikki tomonlama munosabatlar tarixida yana bir muhim bosqichni boshlab berdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.
Shuningdek, Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishi qarori qabul qilindi va iqtisodiyot, investitsiya, madaniyat, turizm, ta’lim hamda boshqa sohalarga oid qator hujjatlar imzolandi.
Ayni shu tashrif doirasida Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i loyihasiga start berildi. Bu kabi tashabbuslar ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar bilan bir qatorda, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ma’naviy yaqinlikni ham mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, ikki davlat rahbarlari ishtirokida yangi qo‘shma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalariga start berildi. Ular bank-moliya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, ta’lim, neft-gaz, turizm, uy-joy qurilishi, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Bugungi O‘zbekiston–Ozarbayjon munosabatlari nafaqat davlatlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va strategik hamkorlik, balki tarixiy, madaniy va ma’naviy mushtaraklikka tayangan xalqlar do‘stligining yorqin namunasidir.
Zero, asrlar davomida shakllangan umumiy tarix, mushtarak adabiy va ma’naviy meros, til va madaniyat yaqinligi ikki xalqni bir-biriga yanada yaqinlashtirib, yangi avlodlar uchun mustahkam do‘stlik va hamkorlik ko‘prigi bo‘lib xizmat qiladi.
Zavqibek MAHMUDOV,
Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat
milliy instituti, tarixchi.
O‘zA