O‘zbekiston va Koreya: munosabatlar o‘zaro ishonch va uzoq muddatli strategik sheriklik asosida izchil rivojlanmoqda
Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Tashqi ishlar va birlashish masalalari qo‘mitasi raisi Son Sok Chjun bilan uchrashdi.
Unda ikki mamlakat parlamentlararo aloqalarini yanada mustahkamlash va strategik sherikligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, hurmat va uzoq muddatli strategik sheriklik asosida izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Bu jarayonda muntazam siyosiy muloqot va ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi faol hamkorlikka alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Tomonlar tegishli qo‘mitalar va parlamentlararo hamkorlik guruhlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, shuningdek, yangi va istiqbolli sohalarni tartibga solish bo‘yicha qonunchilik tajribasi almashinuvini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Uchrashuv chog‘ida hamkorlikning mintaqaviy yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, “aqlli shaharlar”ni rivojlantirish, shuningdek, mahalliy boshqaruv, infratuzilma hamda kichik va o‘rta biznesni raqamlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
N.Abduraimova, O‘zA