O‘zbekiston va Koreya munosabatlari o‘zaro ishonch hamda teng huquqli sheriklik tamoyillari asosida rivojlanmoqda
Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrif doirasidagi tadbirlar Toshkent va Seul o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini yana bir bor namoyon etmoqda.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi munosabatlari Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyoni bog‘lab turgan muhim hamkorlik yo‘nalishlaridan biri. Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 29-yanvarda o‘rnatilgan. Koreya Respublikasi O‘zbekiston davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991-yil oxirida tan olgan davlatlardan biri hisoblanadi.
O‘tgan davrda ikki mamlakat munosabatlari bosqichma-bosqich rivojlandi. 2019-yilda esa ular alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston – Koreya munosabatlarining bugungi holati, siyosiy muloqot, savdo va investitsiyalar, ta’lim hamda gumanitar hamkorlik istiqbollari haqida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, Xalqaro munosabatlar kafedrasi katta o‘qituvchisi, falsafa doktori Shohrux Salimov bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi darajasini qanday baholash mumkin?
– Ikki mamlakat munosabatlarining asosida siyosiy ishonch va muntazam muloqot turibdi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yuqori darajadagi uchrashuvlar hamkorlikka yangi sur’at berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 22–25-noyabr kunlari Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Tashrif davomida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
2019-yil aprel oyida esa Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Ana shu tashrif chog‘ida ikki mamlakat munosabatlari alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Pandemiya davrida ham siyosiy muloqot to‘xtab qolmadi. 2021-yil 28-yanvarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In videokonferensiya shaklida uchrashdi. Bu ham munosabatlarning barqaror ekanini ko‘rsatdi.
“Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti formati muhim ahamiyat kasb etdi. 2024-yil iyun oyida Koreya Respublikasi Prezidenti O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keldi. Yuqori darajadagi muzokaralar yakunida mazkur formatdagi birinchi sammitni Seulda o‘tkazish taklifi ma’qullandi. Bu tashrif diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 32 yilligi va alohida strategik sheriklikning 5 yilligiga to‘g‘ri keldi. Mazkur ilk sammit 2026-yil 16–17-sentabr kunlari Seul shahrida o‘tishi kutilmoqda. Bu Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada tizimli yo‘lga qo‘yish uchun yangi imkoniyat yaratadi.
Parlamentlararo aloqalar ham faollashmoqda. 2026-yil 10-sentabr kuni Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Tashqi ishlar va birlashish masalalari qo‘mitasi raisi Son Sok Chjun bilan uchrashdi. Tomonlar parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va qonunchilik tajribasi almashinuvini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
– Siyosiy yaqinlik iqtisodiy hamkorlikda qanday natija bermoqda?
– Buni savdo va investitsiya ko‘rsatkichlarida ko‘rish mumkin. 2025-yilda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi taxminan 1,7–2 milliard dollarni tashkil etdi.
2026-yilning birinchi yarmida esa savdo hajmi 971 million dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,4 foiz ko‘p. Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo aylanmasini 4 milliard AQSH dollariga yetkazishni maqsad qilgan. Buning uchun savdoni kengaytirish, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tashkil etish va Koreyaning savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi – KOTRA imkoniyatlaridan faolroq foydalanish masalalari muhokama qilinmoqda.
Investitsiyalarda ham salmoqli natijalar bor. Koreya Respublikasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari 8 milliard dollardan oshgan. Hozir mamlakatimizda koreys kapitali ishtirokidagi 725 tadan ortiq korxona ishlayapti. Ular avtomobilsozlik, energetika, maishiy texnika, to‘qimachilik, moliya va telekommunikatsiya sohalarida faoliyat yuritmoqda. 2026-yil iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasidagi uchrashuvlarda O‘zbekiston – Koreya biznes-forumini tashkil etish va hukumatlararo qo‘mita navbatdagi, 13-yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Energetika sohasida ham hamkorlik kengaymoqda. 2025-yilda birinchi Xalqaro energetika forumi o‘tkazildi. Undan keyin “Energy Value Networks Forum” nomli ikkinchi xalqaro forum o‘tkazilishi qayta tiklanuvchi energetika, energiya samaradorligi va ilg‘or energetika texnologiyalari bo‘yicha muloqotning davom etayotganini ko‘rsatadi.
– Ikki mamlakat hamkorligida ta’lim va ilm-fanning o‘rni qanday?
– Bu yo‘nalish ham munosabatlarning muhim qismlaridan biri. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi – KOICA doirasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. 2019-yil aprel oyida Koreya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi vaqtida 2020–2022-yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli hamkorlik dasturi imzolangan. Unda ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ekologiya va tibbiyot sohalaridagi loyihalar uchun 72 million dollardan ziyod grant mablag‘ini jalb etish nazarda tutilgan. Jumladan, Samarqand kasb-hunarga o‘qitish markazi bazasida 2019–2022-yillarda “KOICA Public-Private Partnership Project” amalga oshirildi. Loyiha kasbiy ta’lim salohiyatini mustahkamlash va aholi bandligini oshirishga qaratilgan edi.
Koreys tilini o‘qitish bo‘yicha ham institutsional baza kengaymoqda. Qirol Sejong nomidagi institut jamg‘armasi O‘zbekistonning besh shahrida koreys tili va madaniyatini o‘rganish markazlarini ochish tashabbusini ilgari surgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti kabi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida ham koreys tili va koreyashunoslik yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilmoqda. Bu ikki davlat o‘rtasidagi akademik va ilmiy almashinuv uchun kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qiladi.
– Gumanitar aloqalarda O‘zbekistondagi koreys diasporasining o‘rni qanday?
– Bu aloqalarning juda muhim tarixiy asosi bor. O‘zbekistondagi koreys diasporasi ikki xalq o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. Koreyslar 1937-yildan boshlab O‘zbekiston hududida sezilarli aholi guruhi sifatida yashab kelmoqda.
Dastlabki davrlarda, ayniqsa, 1930–1950-yillarda ular qishloq xo‘jaligi, xususan, sholichilik rivojiga katta hissa qo‘shgan. 1960-yillardan boshlab koreys diasporasining ilm-fan, madaniyat, sport va ijtimoiy hayotdagi ishtiroki kengaydi. 1980-yillarning o‘rtalaridan esa milliy identiklikni anglash va tarixiy Vatan bilan aloqalarni rivojlantirishga qiziqish kuchaydi. Bugun bu tarixiy va madaniy bog‘liqlik ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning muhim manbalaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Umuman, O‘zbekiston – Koreya hamkorligining keyingi bosqichida qaysi yo‘nalishlar ustuvor bo‘ladi?
– Bugungi ko‘rsatkichlar munosabatlarni yanada kengaytirish uchun asos borligini ko‘rsatmoqda. Savdo aylanmasini 4 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. Investitsiyalar hajmi ham o‘sib bormoqda. Shu bilan birga, energetika, raqamli transformatsiya, “aqlli shaharlar”, mahalliy boshqaruv va infratuzilma kabi yo‘nalishlarda yangi hamkorlik imkoniyatlari ochilmoqda.
Koreys tilini o‘rganish markazlarining kengayishi va ta’lim sohasidagi loyihalarning davom etishi esa kelgusida kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi munosabatlari o‘zaro ishonch, teng huquqli sheriklik va amaliy natijadorlik tamoyillari asosida rivojlanmoqda. Bu hamkorlik nafaqat ikki davlat, balki Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi aloqalarni ham mustahkamlab bormoqda.
O‘zA muxbiri
Dilshod HAKIMOV suhbatlashdi.