O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida tog‘-kon sanoatida yangi yo‘nalishlar belgilanmoqda
Bugungi kunda tog‘-kon sanoatida zamonaviy texnologiyalar va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston va Jazoir o‘rtasida ayni yo‘nalishdagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari oshmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tog‘-kon sanoati vaziri Murad Hanifi bilan uchrashdi.
Muloqotda geologiya va geologik qidiruv, tog‘-kon hamda metallurgiya sanoatidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, investitsiyaviy va institutsional sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi, deyiladi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotida.
Texnologiyalar transferi, geologik modellashtirishning zamonaviy usullarini joriy etish, litiy, tantal, niobiy va boshqa nodir elementlarning istiqbolli konlarini birgalikda o‘rganishga e’tibor qaratildi. Albatta, bu borada o‘zaro tajriba almashish, mutaxassislar tayyorlash masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Bir qator metallarni mahalliy darajada qayta ishlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya kombinatlari bilan tajriba almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida bo‘lajak Hukumatlararo komissiya doirasida sohaviy ishchi guruh tuzish va idoralararo bitim tayyorlash taklif etildi.
M.Hojiakbarova, O‘zA