O‘zbekiston va Hindiston: madaniyat, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi hamkorlik
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy munosabatlar bilan birga madaniyat, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. Tarixan ikki mintaqaning madaniy mushtarakligi, Buyuk ipak yo‘li orqali bog‘liqlik, Boburiylar merosi, adabiyot, san’at va til yaqinligi ayni munosabatlarga sivilizatsion zamin yaratgan. Bugungi kunda tarixiy rishtalar zamonaviy shaklda yangi mazmun kasb etmoqda. Jumladan, Hindistonning O‘zbekistondagi madaniy markazlari, hindshunoslik ta’limi, stipendiya dasturlari, ilmiy va akademik almashinuv mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti Muqaddas Hojimurodova O‘zAga mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy sohadagi hamkorlik haqida so‘zlab berdi.
- O‘zbekiston – Hindiston ta’lim hamkorligi bir necha yo‘nalishni qamrab olgan. Masalan, talabalar almashinuvi, stipendiya, malaka oshirish, universitetlar aro hamkorlik, o‘qituvchilar malaka oshirishi va qo‘shma ta’lim dasturlari alohida ahamiyatga ega. Jumladan, Hindistonning ITEC dasturi doirasida O‘zbekiston mutaxassislari 1993-yildan buyon turli kurslarda ishtirok etib kelmoqda.
Hindiston TIV ma’lumotiga ko‘ra, dastur doirasida 2400 dan ko‘p o‘zbekistonlik mutaxassis ushbu diyorning yetakchi oliygohlarida ta’lim olgan. Bugungi kunda ayni jarayon yangi mazmun kasb etgan. 2024-2025-yillari yurtimizdan 100 ga yaqin nomzod ITEC dasturi uchun tanlangan. Madaniy aloqalar kengashi (ICCR) stipendiya dasturi ham yoshlarimiz uchun hind oliy ta’lim muassasalarida o‘qish imkoniyatini yaratadi. 2026-2027 o‘quv yili uchun ICCR dasturlari bakalavriat, magistratura va PhD darajalaridagi turli yo‘nalishlarni qamrab oladi.
ICCR ma’lumotida respublikamiz uchun 12 stipendiya o‘rni ajratilgani ko‘rsatilgan. Bunday dasturlarning ahamiyati faqat ta’lim olish bilan cheklanmaydi. Hindistonda tahsil olgan yoshlar kelgusi ilmiy, madaniy va kasbiy almashinuv rivojiga xizmat qiladi.

M.Hojimurodovaning so‘zlariga ko‘ra, hamkor davlatning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan mamlakatning 15 oliy o‘quv yurtida Hindiston tadqiqotlar markazi – “India Study Centres” tashkil etildi. Shuningdek, ICCR tomonidan Samarqand davlat universitetida iqtisodiyot, TDSHUda hind tili bo‘yicha qisqa muddatli “Chair” dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Ayrim markazlar kompyuter, kitob, musiqa asboblari va milliy an’anaviy liboslar bilan ta’minlangan.
2023-yil yanvarda Fujining Nadi shahrida bo‘lib o‘tgan XII Jahon Hind tili konferensiyasida o‘zbekistonlik to‘rt olim ishtirok etib, TDSHU professori Nilufar Xo‘jayeva ushbu mamlakat TIV tomonidan “Vishwa Hindi Samman” mukofoti bilan taqdirlangani alohida e’tiborga molik.
TDSHU hind tili bo‘yicha professor-o‘qituvchilari muntazam ravishda konferensiya va malaka oshirish kurslarida qatnashib keladi. Shuningdek, o‘zbek adabiyoti va xalq og‘zaki ijodi namunalarini hind tiliga tarjima qilish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Qayd etish joiz, universitetda Hindistonga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot nafaqat tarix va til, balki zamonaviy madaniy-ijtimoiy jarayonni ham qamrab oladi. Bunday tadbirlar hindshunoslik ilmi an’anaviy mavzulardan zamonaviy mintaqaviy tadqiqotgacha kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘zaro madaniy aloqalarni amalga oshirishda diaspora va insonlar aro munosabatlar ham muhim. 2025-yil 23-iyul kuni Toshkentda o‘tgan ilk Konsullik muloqotida viza berish jarayoni, konsullik hamkorligi, har ikki mamlakatdagi talabalar, tibbiy turistlar hamda sayyohlar xavfsizligi masalalari muhokama qilindi. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistondagi hind diasporasi taxminan 21 000 kishini tashkil etmoqda. Ularning 16 300 nafari talaba, ishchi va biznes mutaxassislari 4700 kishi.
Hindistonning O‘zbekistondagi investitsiyasi farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, turar-joy binolari qurish bilan birga ta’lim sohasini ham qamrab olgan. Yurtimizda poytaxtimizdagi Amiti, Andijondagi Sharda, Jizzaxdagi Sambram, Buxorodagi Achariya universitetlari faoliyat yuritmoqda.
Madaniyatlar aro muloqotning eng muhim vositalaridan biri tildir. Tilni o‘rganish insonga nafaqat muloqot qilish, balki muayyan xalqning tarixi, adabiyoti, urf-odat va qadriyatlarini anglash imkonini beradi. Diyorimizda hindi va sanskrit tillarini o‘rganish shu jihatdan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu jarayondagi asosiy ilmiy ta’lim markazlardan biri TDSHU hisoblanadi.
Bugungi kunda hind madaniyati O‘zbekistondagi madaniy diplomatiyaning muhim yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Butun dunyo tan olgan bu madaniyat jamiyatimizda ham o‘ziga xos o‘ringa ega. Ayniqsa hind kinosi, musiqasi va aktyorlari mintaqada juda mashhur. 2024-yil dekabrda Raj Kapur tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Toshkentda besh kunlik Hind kinosi haftaligi tashkil etildi. Shuningdek, yoshlarimiz uchun mazkur hamkor davlat madaniyatini bevosita o‘rganish, hind tili bilan tanishish va hind jamiyati haqida bilim olish imkonini yaratuvchi Toshkentdagi Lal Bahodur Shastri nomli Hind madaniyati markazi 1995-yildan beri ish olib boradi. Markazda katxak raqsi, yoga, tabla, hindi tili, ma’ruza, seminar, ko‘rgazma va kino namoyishlari muntazam o‘tkaziladi.
O‘zbekiston va Hindiston munosabatlarining madaniy, ta’lim va ilmiy yo‘nalishlari sheriklikning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlovchi muhim strategik resursdir. Yuqorida aytib o‘tilganidek, tarixiy-madaniy mushtaraklik ayni munosabatlarga mustahkam poydevor yaratgan. Zamonaviy ta’lim, ilm-fan va madaniy diplomatiya esa ushbu tarixiy yaqinlikni kelajakka yo‘naltirilgan hamkorlikka aylantirmoqda.
Fikrimizcha, bugungi vazifa tarixiy yaqinlikni faqat xotira sifatida saqlash emas, balki yangi bilim, ilmiy tadqiqot va madaniy muloqot shakliga aylantirishdir. Zero, O‘zbekiston va Hindiston munosabatlarining eng barqaror poydevori – insonlar, olimlar, talabalar, ijodkorlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotdir.
Go‘zal Sattorova, O‘zA