O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Biznes kengashi tashkil etiladi
Gonkong maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Jon Li Kachchiu boshchiligidagi delegatsiya Markaziy Osiyoda bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Gonkong Bosh savdo palatasi (HKGCC) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqani mustahkamlash hamda investitsiyaviy sheriklikni kengaytirishga qaratilgan.
Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha muzokaralar joriy yilning mart oyida O‘zbekistonning Xitoydagi Favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyevning Gonkong Bosh savdo palatasiga tashrifi chog‘ida boshlangan. Keyinchalik qator uchrashuv va muzokaralar davomida izchil davom ettirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi delegatsiyasining may oyida Gonkongga tashrifi ham mazkur hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Imzolangan memorandumga muvofiq, O‘zbekiston – Gonkong Biznes kengashi tashkil etiladi. Kengash ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi biznes aloqalarini shakllantirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabariga ko‘ra, kelgusida tomonlar biznes-forum, B2B uchrashuv, tajriba almashish tadbirlari va savdo missiyalarini tashkil etish orqali ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada faollashtirishni rejalashtirmoqda.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA