O‘zbekistоn-Eron: turizm sohasidagi hamkorlik
Buxoro viloyati delegatsiyasi joriy yilning 12 - 15 fevral kunlari Eron Islom Respublikasining Tehron shahrida o‘tayotgan “XVII xalqaro turizm va tegishli sanoat ko‘rgazmasi”da ishtirok etmoqda.
Muzokaralar doirasida viloyat vakillari Isfahon shahrining yirik turistik kompaniyalari bilan uchrashdi.
Ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlar almashinuvi, ularning oqimi, ikkala shaharning turizm potensiali, tomonlarning mazkur yo‘nalishidagi o‘xshashliklari va ichki sayyohlarning madaniy turizmga bo‘lgan qiziqishlari muhokama qilindi.

Eron Islom Respublikasining Tehron shahrida bo‘lib o‘tayotgan ”XVII xalqaro turizm va tegishli sanoat ko‘rgazmasi”da Buxoro viloyati delegatsiyasi a’zolari ochilish marosimida qatnashib, B2B va B2G uchrashuvlari doirasida bir qator muzokaralarda ishtirok etdi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov hamda Eron Islom Respublikasi va O‘zbekiston qo‘shma savdo palatasi bosh kotibi Muhammad Ma’sudi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda eronlik investorlar Buxorodagi turizm va qator sohalarda hamkorlik qilish, shuningdek, logistika hamda ular tomidan issiqxona yo‘nalishlariga qiziqish bildirilgani hisobga olinib, bu bo‘yicha kelgusida hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi.

Sheroz viloyati rahbariyati bilan uchrashuvda ikki tomonlama turizm yo‘nalishidagi hamkorlik hamda shaharlar birodarlashuvi masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.
Muzokaralar mobaynida bir qator eronlik turizm korxonalari bilan kelishuvlarga erishildi.
Eron sayyohlik jozibadorligi bo‘yicha investorlar uchun ham eng qulay bozor hisoblanadi. TITE – xalqaro mehmonxona va sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib, u har yili Tehronda o‘tkaziladi.

JST ma’lumotlariga ko‘ra, Eron o‘zining atrof-muhit sharoiti bo‘yicha dunyoning eng jozibador 5 ta davlatidan biri va tarixiy va madaniy diqqatga sazovor joylari bo‘yicha 10 ta davlat qatoriga kiradi. Eronning qadimiy muhtasham yodgorliklari har yili minglab sayyohlarni maftun etadi, ular eng ajoyib tarixiy obidalarni ishtiyoq bilan ziyorat qiladi va maftunkor tabiatidan 4 faslda ham bahramand bo‘lishadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri