Belarusdan O‘zbekistonga yangi yuk poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Transport vazirligining ma’lum qilishicha, joriy yilning 30-iyul kuni Belarus Respublikasining Orsha-Vostochnaya stansiyasidan O‘zbekistonning Chuqursoy stansiyasiga yo‘l olgan «Slavyan karvoni» nomli birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezd harakatining yo‘lga qo‘yilishi ikki davlat o‘rtasidagi transport-logistika hamkorligida muhim voqea bo‘ldi.
Yangi temir yo‘l yo‘lagi eksport-import tashuvlarini jadallashtirish, yuklarni tez va ishonchli yetkazib berish hamda o‘zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyul kuni Belarus Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi hisoblanadi. Muzokaralar davomida ikki mamlakat o‘rtasida muntazam blok-poyezdlar harakatini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab olingan edi.
Ushbu kelishuvlar ijrosi doirasida «Slavyan karvoni» nomi bilan ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poyezd o‘z harakatini boshladi. 71 shartli vagondan iborat yuk poyezdi tarkibida yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari, shakar, oziq-ovqat mahsulotlari, omixta yemlar hamda boshqa turdagi yuklar tashilmoqda. Dastlabki bosqichda qatnovlarni oyiga ikki marta amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, kelgusida yuk oqimiga qarab reyslar sonini ko‘paytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqiladi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur yo‘nalish nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi yuk tashish hajmini oshirish, balki xalqaro transport yo‘laklaridan samarali foydalanish, yetkazib berish muddatlarini qisqartirish va logistika xarajatlarini kamaytirish imkonini ham beradi. Bu esa eksportyorlar va importyorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratib, tashqi savdo operatsiyalarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yangi temir yo‘l yo‘nalishi Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlari o‘rtasidagi transport bog‘liqligini mustahkamlash, xalqaro yuk tashuvlari geografiyasini kengaytirish hamda mintaqaviy logistika markazlari salohiyatidan samarali foydalanish imkoniyatlarini oshiradi.
«O‘ztemiryo‘lkonteyner» aksiyadorlik jamiyati mazkur yo‘nalish bo‘yicha import va eksport yuklarini tashish uchun kompleks transport-logistika xizmatlarini taklif etadi. Korxona xalqaro yuk tashuvlarida zamonaviy servis, ishonchli logistika yechimlari va yuklarni belgilangan muddatlarda manzilga yetkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.
Yangi blok-poyezd harakatining yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda Yevroosiyo makonida yangi transport imkoniyatlarini yaratish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Sh. Mamaturopova, O‘zA