Toshkentda “O‘zbekiston – Belarus: hamkorlikning yangi ufqi va istiqboli” mavzusidagi davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Belarus Strategik tadqiqotlar instituti (BSTI) bilan hamkorlikda gibrid formatda tashkil etilgan mazkur tadbirda ikki davlat diplomatik missiyalari rahbarlari, ekspert-tahliliy, ilmiy-akademik doiralari vakillari – Belarus tomonidan BSTI, Marketing va narx tadqiqotlari milliy markazi, Davlat transport universiteti, P.M.Masherov nomidagi Vitebsk davlat universiteti kabi nufuzli tadqiqot institutlari mutaxassislari, O‘zbekiston tomonidan esa SMTI, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarlari ishtirok etyapti.
SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ta’kidlaganidek, davra suhbati davomida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi muloqotni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va jarayonni yanada rivojlantirish istiqboli to‘g‘risida batafsil fikr almashiladi.
O‘zA