Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Belarus Strategik tadqiqotlar instituti (BSTI) bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston – Belarus: hamkorlikning yangi ufqi va istiqboli” mavzusida gibrid formatda davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ikki davlat diplomatik missiyalari rahbarlari, ekspert-tahliliy, ilmiy-akademik doiralari rahbarlari va vakillari – Belarus tomonidan BSTI, Marketing va narx tadqiqotlari milliy markazi, Davlat transport universiteti, P.M.Masherov nomidagi Vitebsk davlat universiteti kabi nufuzli tadqiqot institutlari yetakchilari va mutaxassislari, O‘zbekiston tomonidan esa SMTI, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarlari ishtirok etdi.

SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov ta’kidlaganidek, davra suhbati davomida savdo, iqtisodiyot, investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalardagi muloqotni kengaytirish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va jarayonni yanada rivojlantirish istiqboli to‘g‘risida batafsil fikr almashildi.
Ishtirokchilar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ishonchli va do‘stona munosabat mutlaq yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladilar.
Bu ko‘p jihatdan ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari, xalqaro maydonlardagi muntazam muloqoti tufayli yuzaga chiqdi.
2017 yildan buyon ikki davlat rahbarlari bir necha bor uchrashdi. Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko 2018 yil rasmiy tashrif bilan, 2022 yil esa amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. O‘z navbatida, mamlakatimiz yetakchisi Shavkat Mirziyoyev 2019 yil Belarusga tashrif buyurdi.
Hamkorlikni mustahkamlashda hukumatlararo, parlamentlararo va idoralararo darajada olib borilayotgan faol muloqot ham muhim o‘rin tutadi.
2022 yildan buyon hukumat rahbarlari tez-tez uchrashadi. Ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya mavjud. O‘zbekiston – Belarus ishbilarmonlar kengashi hamda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha ishchi guruhlari majlislari muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Parlamentlararo aloqa kengaymoqda. 2018 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Belarus Respublikasi Milliy Majlisi o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha Parlamentlararo guruh faoliyat ko‘rsatmoqda.
2018 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati delegatsiyasining Belarusga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. 2022 yil Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Kengashi parlament delegatsiyasi MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo assambleyasining Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirlarida ishtirok etdi. 2023 yil O‘zbekiston parlamenti a’zolari Minskka tashrif buyurdi. Ikki davlat qonun chiqaruvchilari MDH Parlamentlararo assambleyasi, Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro tashkilotlar doirasida izchil hamkorlik qiladi.
Aloqalar Tashqi ishlar vazirliklari orqali amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda tashqi ishlar idoralari rahbarlari 3 marta uchrashdi. Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida doimiy ravishda maslahatlashuv o‘tkaziladi.
Akramjon Ne’matov ikki davlat tomonidan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi savdo aloqasiga jadal sur’at qo‘shganini qayd etdi. So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik kuchli, barqaror o‘sish sur’atini namoyon etmoqda.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli ikki tomonlama munosabat tarixida birinchi marta tovar ayirboshlash miqdori yarim milliard dollardan oshdi. 2022 yil yakuniga ko‘ra o‘zaro savdo qiymati 536 million dollar (2021 yilga nisbatan 44 foiz o‘sish)ni tashkil etdi va 2017 yilga nisbatan qariyb 3,5 barobar o‘sdi. 2023 yil yakuni bo‘yicha mahsulot ayirboshlash 2022 yilga nisbatan 15 foiz ko‘tarilib, 620 million dollarga yetdi.
O‘zbekistonning Belarusga asosiy eksporti sanoat mollari, turli tayyor, oziq-ovqat, tamaki mahsulotlari va ichimlik hisoblanadi. Belarus Respublikasidan import qilinadigan mahsulotlarning aksariyati oziq-ovqat, mashina va transport uskunasi, shuningdek, nooziq-ovqat xom ashyosidan iborat. Importning salmgoqli qismi esa mamlakatimiz iqtisodiyoti sanoat sektorini modernizatsiya qilish uchun zarur transport vositalari va elektr jihozlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Belaruslik sarmoyadorlar O‘zbekistonga paxtadan kalava ip, charm mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, farmatsevtika, savdo vositachiligi va ekspeditorlik xizmati ko‘rsatishga yirik sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda.
Oxirgi 3 yil ichida yurtimizga Belarus investitsiyasi 3 barobar ko‘paydi va 45,6 million dollar (2022 yil 9,5, 2023 yil (yanvar-oktyabr) 21,2 million dollar)ga yetdi. Ayni payt bu ko‘rsatkichni oshirish uchun barcha shart-sharoit mavjud. Hamkorlikni chuqurlashtirishga jiddiy intilishni qo‘shma korxonalar soni ham ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 2017 yil 22 (19 qo‘shma korxona, 3 yakka tartibdagi tadbirkor)ta edi, bugungi kunda 209 (65 qo‘shma korxona, 146 yakka tartibdagi tadbirkor)taga yetdi. Hozir Belarusda 100 dan ortiq ikki davlat qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Tursun Axmedov fikricha, 2023 yil Minskda o‘tkazilgan, ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirishda samarali vositaga aylangan birinchi ikki tomonlama ayollar biznes-forumi doirasida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy-madaniy, ta’lim, gumanitar, turizm va boshqa sohalarda jami 92,2 million dollarlik 42 shartnoma, 17 memorandum imzolandi.
Mamlakatlarimiz mashinasozlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatiga birdek qiziqish bildirmoqda. Belaruslik hamkorlar respublikamizga transport, maxsus texnika yetkazib bermoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi sheriklik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. 2018 yil ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida kelishuv imzolangan, hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda. Oxirgi 2 yil ichida o‘zbekistonlik shifokorlarni Belarusda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga yuqori texnologiyali yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Farmatsevtika sanoati sohasidagi hamkorlik ham chuqurlashmoqda. Bugungi kunda tomonlar birgalikda dori vositalari ishlab chiqarmoqda. Belarus tomoni O‘zbekistonda probiotiklar ishlab chiqaruvchi korxona qurayotgani bunga yaqqol misol.
Yengil sanoatni rivojlantirish borasida samarali hamkorlik qilinmoqda. 2023 yil O‘zbekiston va Belarus korxonalari o‘rtasida umumiy qiymati 2,5 million dollarlik shartnomalar imzolangan. Qo‘y terisi, qorako‘l-smushko, mo‘yna va mo‘yna xom ashyosi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish rejalashtirilgan. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va “Kamvol” OAJ dizayn markazi o‘rtasida kelishuvga erishildi.
So‘nggi yillarda mintaqalararo aloqa sezilarli darajada faollashdi, O‘zbekiston va Belarus hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Forumlar ikki davlatda navbatma-navbat o‘tkaziladi. 2019 yil Prezident Shavkat Mirziyoyevning Minskka tashrifi doirasida mintaqalarning birinchi forumi bo‘lib o‘tgan edi. Bu O‘zbekiston viloyatlari va Belarus hududlari hokimliklari o‘rtasidagi hamkorlikka oid maxsus dasturlar ijrosini yuqori samaradorlik darajasiga olib chiqish imkonini berdi. 2020 yil fevral oyida Agrar forumda ishtirok etish uchun Belarusning barcha hududlari vakillaridan iborat fermerlar delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
2022-2023 yillarda Belarusga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha 25 million dollarlik shartnomalar imzolandi. Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari hokimliklari va ishbilarmon doiralarining Belarusga tashrifi tashkil etildi.
Ikki davlat o‘rtasida transport-logistika tizimi izchil mustahkamlanmoqda. 2023 yil o‘zaro yuk tashish miqdori 752 ming tonnadan oshib, 2022 yilga nisbatan 1,54 barobar o‘sish sur’ati kuzatildi.

Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i Nigina Magdiyeva ma’lum qilishicha, muloqot faollashgani bevosita madaniy-gumanitar hamkorlikda ham namoyon bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda Belarus ijodiy guruhlari“ Sharq taronalari” musiqa festivalida, O‘zbekiston vakillari esa Vitebskdagi “Slavyan bozori” va “Zolotaya pchyolka” xalqaro festivallarida, shuningdek Minsk xalqaro vokal tanlovida faol ishtirok etib kelmoqda.
2018 yil aprel oyida Toshkentda Belarus madaniyati va kinosi kunlari, 2019 yil iyulda Belarusda O‘zbekiston madaniyati va san’ati kunlari bo‘lib o‘tdi. 2021 yil sentyabr oyida Minsk shahrida o‘zbek kino ijodkorlarining bir necha filmi namoyishi bilan o‘zbek kinosi kunlari tashkil etildi. Ikki mamlakat kino ijodkorlari Toshkent va Minskda o‘tkazilayotgan xalqaro kinofestivallarda faol ishtirok etmoqda.
Toshkentda Belarus adabiyoti arbobi Yakub Kolas haykali ochilib, shu ko‘chaga uning nomi berilgan. Minskdagi bog‘lardan birida esa buyuk o‘zbek shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi Alisher Navoiy byusti o‘rnatilgan.
Ta’lim sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanmoqda. O‘zbekistondagi 40 ta, Belarusning 20 dan ziyod oliy o‘quv yurti O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassis tayyorlaydigan qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘ydi. 2022-2023 o‘quv yilida Belarusning 27 oliy o‘quv yurtida 1 700 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
80 dan ortiq qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalar tahsildan so‘ng ikki tomonlama diplom oladilar.
2023 yil O‘zbekiston va Belarus Respublikalari rektorlarining 1-forumi o‘tkazildi. Ta’lim va ilm-fan sohasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik ramzi sifatida namoyon bo‘lgan mazkur anjuman natijasida “Hamkorlikning yo‘l xaritasi” qabul qilindi.
Har ikki davlat turizm sohasida noyob imkoniyat va salohiyatga ega. O‘zbekiston va Belarus turizm sohasi vakillari ikki mamlakatda tashkil etilgan ko‘rgazma maydonchalari doirasida yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. 2017-2023 yillar oralig‘ida Belarusdan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi 5 barobar oshdi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar munosabatlar rivojining yuqori sur’atiga qaramay, ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun imkoniyat bisyorligiga ishonch bildirdilar. Demak, O‘zbekiston va Belarusda mavjud hali foydalanilmagan ulkan salohiyatni batafsil o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish talab qilinadi.
Shu nuqtai nazardan savdo-iqtisodiy aloqani yanada kengaytirish, transport infratuzilmasini rivojlantirish va logistika yo‘nalishlari barpo etish, madaniy-gumanitar, hududlararo muloqotni chuqurlashtirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirishdan manfaatdor.
Hamkorlar bilan O‘zbekiston va Belarus sanoatining yetakchi tarmoqlarida qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, qo‘shma sanoat,farmatsevtika klasterlari yaratish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini integratsiyalash, shuningdek agrosanoat majmuasidagi mavjud imkoniyatlarni birlashtirish ham muhim yo‘nalishlar sifatida baholanmoqda.
G‘.Xonnazarov, O‘zA