O‘zbekiston va Belarus biznes-forumi o‘tkazildi
O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida o‘tgan mazkur tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik aloqalarini mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish hamda tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga qaratilgan muhim platformaga aylandi.

Forum davomida ikki tomonlama savdo munosabatlarining ijobiy dinamikasi alohida ta’kidlandi. Jumladan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 965 million dollarni tashkil etgani qayd etildi. Tomonlar yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard dollardan oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldi.
Xabar berilishicha, O‘zbekiston tomonidan tekstil, metall va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Belarus esa go‘sht-sut mahsulotlari, farmatsevtika va sanoat uskunalari yetkazib berish hajmini izchil oshirib bormoqda.

Forumda O‘zbekistonning oziq-ovqat, qurilish, mebel va to‘qimachilik sohalarida faoliyat yuritayotgan 50 ga yaqin yetakchi tadbirkorlari ishtirok etdi. Belarus delegatsiyasi tarkibidagi yirik sanoat korxonalari o‘zlarining eksport salohiyati va investitsiyaviy imkoniyatlarini taqdim etdi.

Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini atroflicha muhokama qildi.
Tadbir doirasida Gomel viloyati hamda Toshkent viloyati Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, go‘sht-sut mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi texnikasi va yog‘och mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha tijorat shartnomalari imzolandi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA