O‘zbekiston va Yaqin Sharqni geografik yaqinlik, umumiy tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatlar birlashtiradi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizning arab davlatlari bilan hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekistonning mintaqadagi asosiy sheriklardan biriga aylanyapti.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yuqori darajadagi ishonch, do‘stona munosabat O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgan dastlabki yillardayoq o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam poydevor yaratdi. 2022 yil oktyabr oyida davlatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlandi.
Bugun Toshkent va Abu-Dabi o‘rtasida ishonch va manfaatni o‘zaro hisobga olish tamoyiliga asoslangan aloqa tobora kengaymoqda. 2017 yildan bu yog‘iga ushbu hamkorlik sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Bunga oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqot ko‘p jihatdan yordam bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga ikki marta - 2019 yil martda va 2022 yil may oyida tashrif buyurdi. Ikki davlat rahbarlari ko‘p tomonlama forumlar doirasida muntazam o‘zaro uchrashuvlar o‘tkazadi, doimiy ravishda telefon orqali muloqot olib borishadi. Parlamentlararo, tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, hukumatlararo komissiya yig‘ilishlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hozir BAA uzoqni ko‘zlangan tashqi siyosat yuritib, iqtisodiyot va ijtimoiy sohada olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida, nafaqat energiya resurslariga boy mamlakatlar, balki Yaqin Sharqda zamonaviy sayyohlik, transport-logistika va ishlab chiqarish xabiga aylangan, jadal rivojlanayotgan davlatlarga ham e’tibor qaratmoqda. Abu-Dabi o‘z iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, neftga qaramlikni kamaytirish yo‘lida ajoyib natijalarga erishdi.
O‘tgan 2021 yil mamlakatning nominal yalpi ichki mahsuloti 409 milliard dollardan oshdi. Joriy yil BAA Global tadbirkorlik indeksida 1-o‘rinni egallab turibdi. Dubay va Abu-Dabi boshqaruv tizimini rivojlantirish siyosati va iqtisodiy farovonlikka yo‘naltirilgan sarmoya hisobiga jahon biznesining yetakchi shaharlari, degan e’tirofga sazovor bo‘ldi.
“Doing Business” global raqobatdardoshlik reytingida ushbu mamlakat iqtisodiyoti mintaqada birinchi, dunyoning 190 davlati orasida 11-o‘rinni egallagan.
2021 yil BAA hukumati 2071 yilgacha mo‘ljallangan mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish rejasini e’lon qildi. Ushbu hujjatda davlat boshqaruvining yanada moslashuvchan shakliga o‘tish, ijtimoiy sohani rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan loyihalarni ishga tushirish, xalqaro maydonda mamlakat mavqeini mustahkamlash nazarda tutilgan.
Uzoq muddatli rivojlanish rejasini belgilangan vaqtda ijro etilishini ta’minlash maqsadida federal darajadagi hukumat va vazirliklar uchun yanada samarali va integratsiyalashgan ish uslubini yaratish ko‘zlangan.
Ekspertlar fikricha, yangi strategiya doirasidagi maqsadlarga erishish uchun BAAda iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy va texnologik resurslar bisyor. Bu quyidagi omillar bilan belgilanadi.
Birinchidan, hukumatning milliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash bo‘yicha faol va izchil siyosatini yuritish. Bugun BAA federal hukumati daromadining 70 foizdan ortig‘ini neft bilan bog‘liq bo‘lmagan tarmoqlar ulushi tashkil etadi. Bu ayni yo‘nalishdagi strategiya muvaffaqiyatining ilk belgisidir.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi reytingiga ko‘ra, BAA iqtisodiyoti arab olamida eng raqobatbardosh hisoblanadi. Mamlakatning hukumat, biznes yuritish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ish samaradorligi yuqori baholanadi. Shu bilan birga amirliklar hukumati 2030 yilgacha milliy iqtisodiyot hajmini ikki barobar - 1,5 trilliondan 3 trillion dirhamgacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Ikkinchidan, inson taraqqiyoti va ta’limga investitsiya kiritish. BAA BMT Taraqqiyot dasturining Inson taraqqiyoti indeksida arab duyonsi va Fors ko‘rfazi mintaqasida birinchi o‘rinnni egallaydi. Hujjat uch asosiy o‘lchov - uzoq va sog‘lom umr kechirish, bilim olish imkoniyati va munosib turmush tarzi ko‘rsatkichiga asoslangan.
Amirliklar ilmiy muhitni rivojlantirishga intiladi. Mamlakatda o‘nlab universitet, jumladan, 30 dan ziyod xorijiy ta’lim markazi filiali faoliyat yuritadi. Maxsus “bilimlar makoni” va akademik shaharchalar, inson resursini rivojlantirishga yo‘naltirilgan o‘ziga xos huhudlar tashkil etilmoqda.
Uchinchidan, raqamlashtirish strategiyasini davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylantirish. BAA hukumati, birinchi navbatda, to‘liq elektron hukumatga o‘tishga intilmoqda.
Abu-Dabi axborot kommunikatsiyalari va texnologiyalari hamda muvaffaqiyatli startaplarni rivojlantirishga salmoqli sarmoya jalb qilmoqda. Yirik axborot texnologiyalari kompaniyalarining, deyarli, barchasi BAAda vakolatxonasiga ega. Mamlakat Shveysariyaning «StartupBlink» tadqiqot kompaniyasi reytingida arab davlatlari orasida eng yuqori o‘rinni band etgan.
Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun joy va ekotizim, hayot darajasini yaxshilash va innovatsiyadan foydalanish, iste’dodli mutaxasislarni jalb qilish startaplari muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Shu bilan birga amirliklar hukumati raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyasini ham tasdiqlagan. Mazkur hujjat keyingi 10 yil davomida yalpi ichki mahsulotga qo‘shiladigan hissani 9,7 foizdan 19,4 foizgacha, ya’ni ikki karra oshirishni ko‘zda tutadi. Bu amirliklarga Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari orasida yetakchilikni saqlash imkonini beradi.
O‘zbekiston uchun bunday yutuqlarga ega mamlakat bilan yaqin hamkorlik qilish ko‘plab yo‘nalishlarda keng siyosiy va iqtisodiy imkoniyat ochadi. Ayniqsa, musulmon olami bilan tashqi siyosiy-iqtisodiy aloqani izchil rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
BAA keng investitsiya imkoniyatiga, ilg‘or texnologiyani samarali joriy qilish, diversifikatsiyalangan va barqaror iqtisodiyotni shakllantirish ta’minlangan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish tajribasiga egaligini e’tiborga olgan holda, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik ko‘plab asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanmoqda.
Masalan, joriy yil yanvar-sentyabr oylarida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz oshib, 227,1 million dollarga yetdi. Shundan yanvar-sentyabr oylarida eksport hajmi – 13,5 million dollarni, import hajmi – 213,6 million dollarni tashkil etdi.
Yurtimizda amirliklar kapitali asosida 185 (104 tasi xorijiy, 81 tasi qo‘shma) korxona faoliyat yuritadi, shundan 45 tasi joriy yil ochilgan.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb etilgan Amirliklar investitsiyasi hajmi oshgani kuzatilmoqda. “Masdar” kompaniyasi 2021 yil mamlakatimizda birinchi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirdi. Kompaniya yana uchta yangi quyosh foto elektr stansiyasi barpo etish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqdi. Bular - 457 MVt quvvatli Sherobod, 220 MVtli Samarqand, 220 MVt quvvatga ega Jizzax quyosh foto elektr stansiyalaridir. Hozir “Masdar” kompaniyasining mamlakatimizdagi loyihalari umumiy qiymati 2 milliard dollardan oshdi. Ushbu hamkorlik samarasi o‘laroq, yurtimizda qurilayotgan elektr stansiyalari ishlab chiqarish quvvati - 2,5 GVtga teng.
“Mubadala” kompaniyasi bilan hamkorlikda Tollimarjon issiqlik stansiyasi quvvatini oshirish loyihasi amalga oshirilmoqda.
“DP World” kompaniyasi bilan esa multimodal xab faoliyatini yo‘lga qo‘yish, “Navoiy” iqtisodiy zonasini rivojlantirish, bojxona boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish masalalari ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, logistika, raqamlashtirish va boshqa yo‘nalishlarda ko‘plab yirik loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Abu-Dabi taraqqiyot fondi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston-Amirlik investitsiya kompaniyasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Korxona tashkil etilgandan buyon respublikamizda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 100 million dollar mablag‘ jalb qilindi. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturlari, ta’lim sohasidagi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda kompaniya sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida umumiy qiymati 400 million dollarlik 17 ta istiqbolli investitsiya loyihasi ustida ishlamoqda.
BAA Oziq-ovqat va suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatilgan.
BAA hukumati bilan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, davlat idoralari faoliyatiga innovatsiyani joriy qilish, ta’lim sifatini oshirish va zamonaviy, talab yuqori mutaxassislikka ega kadrlar tayyorlash, sayyohlik va logistika infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi keng ko‘lamli hamkorlik kelishilmoqda.
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va tegishli yo‘l xaritalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha so‘nggi 3 yilda 147 marta qo‘shma tadbir o‘tkazildi. Natijada o‘zbekistonlik 2 mingdan ziyod davlat xizmatchisi ixtisoslashtirilgan sohalarda o‘qitildi.
Joriy yil tomonlar yuqorida qayd etilgan kelishuvni yana uch yilga uzaytirishga kelishib oldilar. Innovatsiya va sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilish, muhim tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha muloqotni mustahkamlash, davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash sheriklikning yangi yo‘nalishlari etib belgilandi.
2019 yil O‘zbekistonda amalga oshirilgan “Bir million dasturchi” g‘oyasi 70 mingdan ziyod kishini qamrab oldi. Ularning ko‘pchiligiga tegishli sertifikat berildi. O‘zbekistonda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan eng muhim tashabbuslardan biriga aylangan mazkur loyiha yoshlar malakasini oshirish, ularni ishga joylashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shunday qilib, so‘nggi yillarda davlatlarimiz munosabatini strategik sheriklik darajasiga olib chiqish imkonini beradigan qulay shart-sharoit yaratildi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida “harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida islohotlarning yangi bosqichiga o‘tildi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, raqobatbardoshlikni kuchaytirish, xorijiy investitsiya jalb qilish va aholi farovonligini izchil oshirib borishni o‘z ichiga olgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi.
O‘z navbatida, BAA ham iqtisodiy aloqani diversifikatsiya qilish, qo‘shimcha investitsiya jalb qilish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, mamlakatning ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan uzoq muddatli taraqqiyot dasturini amalga oshirishga kirishgan.
Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyat ochib beradigan yirik transmintaqaviy transport-kommunikatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu borada Transafg‘on transport yo‘lagi hamda Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi eng muhim loyihalardan hisoblanadi.
Bunday keng imkoniyatlar mamlakatimizning kelajakda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish rejasini amalga oshirish bilan birga davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtiodiy almashinuvni jadallashtiradi.
Iqtisodiyotga raqamli texnologiya jadal joriy qilinmoqda. Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotni raqamlashtirishga intilmoqda. “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasi ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatda 2023 yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotida raqamli iqtisodiyot hissasini ikki barobar oshirish ko‘zda tutilgan.
Mamlakatimizning bu rejasi BAAni yaqin sherikka aylantiradi. Amirliklar raqamli iqtisodiyot tamoyilini amaliyotga joriy etish bo‘yicha dunyoning aksariyat davlatlaridan ilgarilab ketgan.
Davlatlarimiz sayyohlik sohasini ustuvor tartibda rivojlantirishga kirishgan. Har ikki mamlakat turizm sohasida yuksak salohiyatga ega. BAA rivojlangan infratuzilmasi va yuqori darajadagi xizmat ko‘rsatish tizimi tufayli dunyodagi eng mashhur sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Mamlakatdan har yili, qariyb, 3,5 million kishi sayyohatga chiqadi va bu borada BAA mintaqa davlatlari orasida yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Boy madaniy-tarixiy merosga, qulay iqlim sharoitiga ega O‘zbekiston, birinchi navbatda, “ziyorat turizmi”ni yo‘lga qo‘yish imkoniyati orqali BAA aholisi uchun istiqbolli sayyohlik yo‘nalishidir. BAA va Fors ko‘rfazining boshqa mamlakatlari fuqarolari uchun kirish vizasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekistonga ushbu davlatlardan keladigan sayyohlar oqimini tezlashtirishga xizmat qiladi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, Toshkent va Abu-Dabi manfaatlari ko‘p jihatdan bir-biriga mos keladigan uzoq muddatli sheriklardir. Tomonlar bir-birini to‘ldiradigan milliy rivojlanish strategiyasini amalga oshirmoqda. Ikki tomonlama munosabat, jumladan, oliy darajadagi muntazam aloqalar izchillik kasb etgan.
Bularning bari xalqaro munosabatlar tizimi o‘zgarishi, jahon iqtisodiyoti va savdosi yangi modeli shakllanishi sharoitida mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish, xalqlarimiz manfaati yo‘lida davlatlararo yaqin munosabat o‘rnatishga xizmat qiladi.
Alisher Qodirov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
bo‘lim boshlig‘i