2024 yilda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi savdo aylanmasi 15 foizga o‘sib, 881,7 million dollarga yetdi. AQSHdan jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi esa 612,6 million dollarni tashkil etdi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda Amerika kapitali ishtirokida 314 ta korxona faoliyat yuritmoqda, shulardan 167 tasi to‘liq Amerika kapitali asosida.
Bu haqda Toshkent shahridagi “CAEx” ko‘rgazmalar saroyidaToshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan O‘zbekiston - Amerika biznes forumida ma’lum qilindi.
Mazkur nufuzli tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Amerika - O‘zbekiston Savdo palatasi hamkorligida tashkil etildi. Unda ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Amerika - O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev va boshqalar so‘zga chiqib, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik iqtisodiy salohiyatni kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
- Ushbu tadbir O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlar tarixida muhim voqeadir. So‘nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyoti deyarli ikki barobar o‘sdi. 2024 yilda o‘sish sur’ati 6,5 foizni tashkil etdi. 6 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida yalpi ichki mahsulotni 200 milliard dollarga, investitsiyalarni 100 milliard dollarga, eksport hajmini esa 45 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Yurtimizda barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlangan, sanoat yiliga o‘rtacha 8 foizga o‘smoqda. Eksport hajmi ikki barobar oshgan, – dedi Jamshid Xo‘jayev.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston 83 millionlik aholiga ega Markaziy Osiyo bozorida joylashgan bo‘lib, 300 millionlik keng bozorlar bilan erkin savdo rejimiga ega. Yevropa bozoriga GSP+ tizimi orqali 6200 dan ziyod mahsulot eksport qilinmoqda. So‘nggi yilda eksport hajmi 27 foizga oshgan.
O‘zbekiston oltin zaxiralari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Shuningdek, mamlakatda mis, volfram, kumush, uran kabi qator xomashyo zaxiralari mavjud. 2023 yilda AQSH bilan muhim xomashyo bo‘yicha hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolandi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va turizm sohalariga ixtisoslashgan 39 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan. Ularda faoliyat yuritayotgan korxonalar 10 yilgacha mol-mulk, yer, suv va daromad soliqlaridan ozod etilgan. Hududlar to‘liq muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan.
O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi asosiy yo‘llar chorrahasida joylashgan bo‘lib, mintaqaviy transport-logistika markazi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Sodiq Safoyevning ta’kidlashicha, mazkur biznes-forumda 100 dan ziyod Amerika kompaniyasining ishtirok etishi AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning izchil kengayib borayotganidan dalolat.
- E’tiborlisi, Amerika tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bugungi O‘zbekiston – jadal rivojlanayotgan, ochiq va islohotlarga intiluvchan mamlakat. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida demokratik, qonun ustuvorligiga asoslangan, bozor iqtisodiyotiga mos tizim yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Fuqarolarning siyosiy faolligi oshib bormoqda, boshqaruv organlari esa ochiqlik va javobgarlik tamoyillari asosida ish yuritmoqda. Davlatning vazifasi endi faqat boshqarish emas, balki mahalliy va xorijiy fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun eng yaxshi davlat xizmatlarini taqdim etishdan iborat. Shu bilan birga, islohotlarning markazida parlamentning roli turibdi. Qonunchilik bazasini mustahkamlashda parlamentning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etmoqda, – dedi Sodiq Safoyev.
Biznes-forum yakunida qator sohalar bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA