O‘zbekiston – AQSH iqtisodiy hamkorligida yangi istiqbollarga yo‘l ochildi
Davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifi doirasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida yangi istiqbollarni ochib berdi.
Xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishning yakuniy bosqichi doirasida Sergeli tumani hokimi Davron Ismatov hamda AQSHning Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ana shular haqida so‘z yuritildi.
Mazkur hamkorlik doirasida Sergeli tumanidagi “First dry port terminal” bilan birgalikda yirik quruq port loyihasini amalga oshirish belgilandi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tashabbus AQSHning DFC korporatsiyasi uchun O‘zbekistondagi ilk loyiha hisoblanib, u hududda iqtisodiy faollikni oshirish va ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, loyihaning muvaffaqiyatli ishga tushirilishi mahalliy mahsulotlarning Yevropa davlatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilishi hajmini oshishini ta’minlaydi va xalqaro tovar ayirboshlashni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘taradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA